2023 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mamlakatlari rivojlanayotgan davlatlarga avvalgidan ko‘ra ko‘proq yordam ko‘rsatdi. To‘lovlarning umumiy miqdori 223,7 milliard dollarga yetdi. IHTT 11 aprel, payshanba kuni Parijda tegishli hisobotni e’lon qildi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 211 milliard dollarni tashkil qilgan edi.
Besh yil ichida yordam hajmi uchdan bir qismga oshdi
2023 yilda yordam hajmi 2019 yilga nisbatan uchdan bir ko‘p bo‘ldi. Bu o‘sish pandemiya tufayli qo‘shimcha to‘lovlar, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosda hujumi bilan bog‘liq.
Rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi tufayli jabr ko‘rmoqda, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik chuqurlashishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda, dedi IHTT bosh kotibi Matias Korman. Shuning uchun, dedi u, eng zaif mamlakatlarga yordamni davom ettirish kerak.
Germaniya va AQSh - eng yirik donorlar qatorida
AQSh, Germaniya, Yaponiya, Britaniya va Fransiya eng yirik donorlar bo‘lib qolmoqda. «Donor davlatlar ketma-ket beshinchi yil rekord darajada xalqaro yordam ko‘rsatmoqda», - deya ta’kidlab o‘tdi IHTT rahbari.
IHTT tarkibiga demokratiya va bozor iqtisodiyotiga sodiq 38 ta davlat kiradi.