Ukraina xavfsizlik xizmati sobiq xodimi mashinasi Moskvada portlatib yuborildi 

Jahon 21:33 / 12.04.2024 13228

Moskva shimolida Toyota Land Cruiser Prado avtomobili portlab ketdi, deb xabar berdi RIA Novosti shahar favqulodda xizmatlariga tayanib. Mashina ostida noma’lum moslama portlagan, biroq yong‘in sodir bo‘lmagan. 

Mahalliy telegram kanallari ma’lumotiga ko‘ra, portlagan mashina Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) sobiq xodimi, bir necha yillardan beri Moskvada yashab kelayotgan Vasiliy Prozorovga tegishli bo‘lgan. Prozorov hodisadan keyin «o‘zini yaxshi his qilayotgani» aytilmoqda. 

Qayd qilinishicha, haydovchi avtomobil dvigatelini ishga tushirgandan keyin portlash sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi oyog‘idan jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan. 

Hodisaning taxminiy sabablari orasida qo‘lbola bomba portlashi yoki yer osti gaz quvurining yorilishi ham bor. Avtomobil portlagan joyda gaz quvurlarini ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi. Shu bilan birga, «Mosgaz» bu joydagi gaz ta’minoti tizimi soz ishlayotganini ma’lum qildi. 

Tergov qo‘mitasi qotillikka suiqasd moddasi bo‘yicha jinoyat ishini ochgan. 

Vasiliy Prozorov - Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq podpolkovnigi. 2019 yil mart oyida Moskvadagi matbuot anjumanida u 2014 yil aprelidan 2018 yilda iste’foga chiqqunga qadar «mafkuraviy sabablarga ko‘ra» Rossiya bilan hamkorlik qilganini aytgan edi. 

Ukraina Xavfsizlik xizmati Prozorovni «ish joyida spirtli ichimliklarni muntazam ravishda iste’mol qilgani va ofitser unvonini obro‘sizlantirgani» uchun ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilgan. UXX Prozorovni davlat xoini deb hisoblaydi.

Ko‘proq yangiliklar: