Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, kengashga a’zo davlatlar – BAA, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Ummon davlatlaridan delegatsiyalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda 2023 yil 19 iyul kuni Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va atrof-muhitni himoya qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, 2025 yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha fikr almashiladi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma bayonot qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.