Slovakiya bosh vaziri Ukraina «to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini» ma’lum qildi

Jahon 10:20 / 12.04.2024 3598

Slovakiya va Ukraina hukumatlari ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi. 11 aprel, payshanba kuni Ukraina bilan chegara yaqinidagi Mixalovse shahrida bo‘lib o‘tgan hukumatlararo muzokaralarda energetika sohasida yaqinroq hamkorlik va transport tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha bir qarorga kelindi. Bundan tashqari, bir yil ichida tomonlar qurol-yarog‘ sohasida hamkorlikni yangi asosda yo‘lga qo‘yish niyatida, dedi jurnalistlarga Ukraina hukumati rahbari Denis Shmixal

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ukrainalik hamkasbiga Bratislava Kiyevning Yevropa Ittifoqiga tezda qo‘shilish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi «spekulyativ emas», gap «to‘liq qo‘llab-quvvatlash» haqida ketyapti. Shmixalning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa integratsiyasiga intilishlar va prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan «tinchlik formulasi» qo‘llab-quvvatlanishi Kiyev uchun «o‘ta muhim». 

Muzokaralar mavzulari - energetika, siyosiy yordam, savdo va Ukrainani tiklash 

O‘z navbatida, Shmixal Mixalovsedagi ikki tomonlama hukumatlararo maslahatlashuvlarni «o‘zaro manfaatli hamkorlikka erishilganlik belgisi» deb atadi. U Telegram’da ta’kidlaganidek, muzokaralarning asosiy mavzulari energetika, Slovakiyaning Kiyevni siyosiy qo‘llab-quvvatlashi, savdo hamda Ukrainani tiklash, logistika va minalardan tozalash bo‘lgan. 

«Slovakiya Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti tarafdori, Rossiya tajovuzkorligini qoralaydi va bizning Yevropa integratsiyaga intilishlarimiz bilan birdam», dedi Shmixal va qo‘shni davlatga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

Slovakiya va qo‘shni Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar 2023 yil kuzida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Robert Fitso va uning populistik «Kurs – Slovakiya sotsial-demokratiyasi» (SMER-SD) partiyasi g‘alaba qozonganidan so‘ng sezilarli darajada sovuqlashdi. Saylovlarda erishilgan natija rossiyaparast siyosatchiga yana hukumatni boshqarish imkonini berdi. Saylov kampaniyasi chog‘ida u Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qilgan. Mart oyida Slovakiya va Vengriya Ukrainaga snaryadlar yetkazib berishdan bosh tortgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: