«Sifatli harbiy ustunlik uchun». Isroilga kimlar qurol yetkazib beradi?

Jahon 11:00 / 12.04.2024 16480

Isroil — o‘zi yirik qurol eksportyorlaridan, ammo uning qurolli kuchlari asosan import qilinadigan samolyotlar, boshqariluvchi bombalar va raketalarga tayanadi. Ekspertlar TsAHALning G‘azodagi amaliyotini yaqin tarixdagi eng intensiv va vayronkor havo kampaniyalaridan biri deb atamoqda.

Isroilning ittifoqchilari sanalgan G‘arbning qator mamlakatlarida qurol eksportini to‘xtatish darkorligi to‘g‘risida tobora ko‘proq chaqiriqlar bo‘lmoqda, ularning fikricha, Isroil tinch aholini himoya qilish va ularga yetarli miqdorda insonparvarlik yordami yetkazish uchun yetarlicha harakat qilmayapti.

O‘tgan juma kuni BMTning inson huquqlari bo‘yicha kengashi qurol yetkazib berishni taqaiqlash taklifini qo‘llab-quvvatladi: 28 mamlakat bunga qo‘shildi, olti mamlakat qarshi bo‘ldi va 13 tasi betaraf qoldi. Isroilga katta miqdorda qurol yetkazib beruvchi AQSh va Germaniya qarshi ovoz berdi, Germaniya vakili mamlakat pozitsiyasini rezolyutsiya to‘g‘ridan to‘g‘ri HAMASni qoralamasligi bilan izohladi.

Urush HAMASning 2023 yil 7 oktyabrida Isroilga hujum qilishi ortidan boshlangandi, bu hujum oqibatida, isroilliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1200 nafar atrofida odam halok bo‘lgan, ularning aksari tinch aholi vakillari edi. HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning sektordagi javob amaliyoti natijasida 33 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, shundan 70 foizi – ayollar va bolalar.

Isroil o‘z kuchlari tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishini aytib, HAMASni tinch aholi vakillarini qasddan zarba ostiga qo‘yishda ayblaydi hamda G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazib berilishini cheklamasligini aytadi.

Qo‘shma Shtatlar

AQSh — Isroilning eng yirik qurol yetkazib beruvchisi, ular ushbu davlatga jahondagi eng ilg‘or texnologik armiyalardan birini barpo etishda yordam bergan.

Stokholm tinchlikni o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019–2023 yillarda Isroil qurol importining 69 foizi AQSh hissasiga to‘g‘ri kelgan.

AQSh Isroilga 10 yillik kelishuv doirasida har yili 3,8 mlrd dollar miqdorida harbiy yordam ajratadi, bu orqali qo‘shni mamlakatlar ustidan «sifatli harbiy ustunlik»ni saqlab qolish maqsad qilingan.

Isroil dunyodagi eng ilg‘orlaridan biri hisoblanadigan beshinchi avloddagi ko‘p maqsadli F-35 Joint Strike Fighter qiruvchi samolyotlariga buyurtmalarni moliyalashtirishda xalqaro grantlardan foydalangan. Hozirga qadar 75 ta samolyotga buyurtma qilingan, shundan 30 dan ortig‘i yetkazib berilgan. Isroil F-35 samolyotlarini qabul qilib olgan ilk davlat (uni ishlab chiqaruvchi AQShdan keyingi) va uni jangda qo‘llagan birinchi davlat bo‘lgan.

Yordamning bir qismi – yiliga 500 mln dollar – raketaga qarshi mudofaa dasturlarini, jumladan birgalikda ishlab chiqilgan «Temir gumbaz», «Nayza» va «Dovudning palahmoni» kabi tizimlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Ularning yordamida Isroil o‘z shaharlarini G‘azodagi falastinliklarning guruhlari, Livan, Suriya va Iroqdagi Eron ta’siridagi tuzilmalar uchiradigan raketalar va dronlar hujumlaridan himoyalaydi.

HAMASning 7 oktyabr kungi hujumidan keyin ko‘p o‘tmay prezident Jo Bayden Isroilga harbiy yordam oshirilishi haqida e’lon qilgandi. Hozircha ushbu bayonotdan keyin Amerika harbiy texnikalari sotuvi bo‘yicha ikki kelishuvi haqida ma’lum bo‘lgan: 106 mln dollarga tanklar uchun 14 000 ta snaryad va 147 mln dollarga 155-millimetr kalibrli artilleriya snaryadlari ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar yetkazib berish.

Ammo, Amerika nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati imi-jimida Isroilga 100 dan ortiq harbiy sotuvlarni amalga oshirgan, ularning aksari Kongressni rasman xabardor qilish talab etiladigan miqdorga yetib bormagan. Bu raqam minglab aniq boshqariluvchi o‘q-dorilar, kichik diametrli bombalar, istehkomlarni vayron qilish uchun maxsus o‘q-dorilar hamda o‘qotar qurollarni o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga, SIPRI hisobotida aytilishicha, Isroilning AQShdan qurol-yarog‘ importi hajmi 2023 yilda ham xuddi 2022 yildagi holatda saqlanib qolgan.

Kongressni ogohlantirishni talab qiluvchi yirik kelishuvlardan biri 18 mlrd dollarga 50 tagacha F-15 qiruvchilarini sotish bo‘yicha kelishuvdir, shu haftada OAVda shu haqda yangilik paydo bo‘lgan. Kongress hozircha uni ma’qullamagan, qolaversa, bu samolyotlarning o‘zi hali yasalmagan, shunday ekan, gap zudlik bilan yetkazib berish haqida bormayapti.

Germaniya

SIPRI ma’lumotiga ko‘ra, Germaniya — Isroilga qurol yetkazib beruvchi ikkinchi eng yirik eksportyor sanaladi, 2019 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda isroilliklarning qurol importining 30 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yilda Yevropa davlati Isroilga 300 mln yevrolik qurol sotgan, bu 2022 yildagiga qaraganda 10 barobar ko‘p.

DPA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, savdoning asosiy qismi havo hujumidan mudofaa tizimlari va kommunikatsiya uskunalari uchun tarkibiy qismlar yetkazib berishdan iborat.

Kansler Olaf Shols urush boshlanganidan buyon Isroil o‘zini mudofaa qilishga haqli ekanini aytib keladi, so‘nggi haftalarda uning isroilliklarning G‘azodagi harakatlariga munosabati o‘zgargan bo‘lsa-da, aftidan, Isroilga qurol yetkazib berishda o‘zgarish bo‘lmaydi.

Italiya

Italiya — Isroilga qurol ekspor qiluvchi uchinchi davlat, ammo uning 2019–2023 yillarda Isroil qurol importidagi ulushi atigi 0,9 foizga teng bo‘lgan. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, gap vertolyotlar va dengiz artilleriyasi haqida boradi.

Milliy statistika byurosi (ISTAT) ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilda savdo hajmi 13,7 mln yevroni tashkil etgan.

Hukumat urush ishtirokchilari bo‘lgan yoki inson huquqlarini buzadigan mamlakatlarga qurol sotishni qonun bilan taqiqlashiga ishontirganiga qaramay, oktyabr oyidan dekabr oyiga qadar 2,1 mln yevrolik harbiy yuklar yuborilishiga ruxsat berilgan.

Mart oyida mamlakat mudofaa vaziri Gvido Krozetto parlamentda Italiya mavjud shartnomalarni bajarganini, «tinch aholiga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan materiallarga taalluqli emasligi»ga ishonch hosil qilish uchun ularning har biri tekshirib chiqilganini ma’lum qilgan.

Boshqa mamlakatlar

Buyuk Britaniya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Isroilga qurol eksporti hajmi «katta emas» — 2022 yilda bu 42 mln funtni (53 mln dollar) tashkil etgan.

«Qurol savdosiga qarshi kampaniya» (CAAT) ma’lumotiga ko‘ra, 2008 yilda Buyuk Britaniya Isroilga jami 574 mln funt (727 mln dollar) miqdorida qurol eksporti uchun litsenziya taqdim etgan.

Ularning katta qismi Amerika ishlab chiqargan va Isroilga yetib keladigan harbiy samolyotlarda foydalaniladigan komponentlar uchun mo‘ljallangan. Ammo shunday yetkazmalarni to‘xtatish uchun ham Uaythollga bosim kuchaymoqda.

Bosh vazir Rishi Sunak Buyuk Britaniyada eksportni litsenziyalash rejimiga qattiq amal qilinishi va Isroil «xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq harakatlanishi» lozimligini aytgan. Buyuk Britaniya hukumati shuningdek Isroilning 2024 yilgi harakatlarida xalqaro huquqqa qanchalik rioya etgani bo‘yicha o‘z bahosini tayyorlamoqda.

Ammo hukumatdagi yuqori martabali mulozim BBC bilan suhbatda Isroilga qurol yetkazib berishga embargo «qo‘yilmasligi»ni aytgan.

Isroilning Elbit Systems kompaniyasi G‘azo sektoridagi urushda qo‘llanayotgan Hermes 450 dronlarini ishlab chiqqan. Foto: AFP

2022 yilda Isroilga 21,3 mln Kanada dollari (15,7 mln AQSh dollari) miqdorida qurol sotgan Kanada hukumati yanvar oyida qurollar mamlakat qonunchiligiga muvofiq foydalanganiga ishonch hosil qilmagunicha yangi qurollar eksportiga ruxsat berishni to‘xtatganini ma’lum qildi. Ammo oldin berilgan ruxsatnomalar o‘z kuchida qoladi.

Isroil mudofaa sanoati

Isroil AQSh yordamida o‘z mudofaa sanoatini yaratgan va bugungi kunda qurol eksporti bo‘yicha jahonda to‘qqizinchi o‘rinni egallaydi, mamlakat asosan tank va samolyotlar emas, ilg‘or texnologik mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

SIPRI ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yilga qadar Isroilning jahon qurol savdosidagi ulushi 2,3 foizni tashkil etgan, uning asosiy uch xaridori — Hindiston (37 foiz), Filippin (12 foiz) va AQSh (8,7 foiz). Isroil mudofaa vazirligiga ko‘ra, 2022 yilda savdo hajmi 12,5 mlrd dollarni tashkil etgan.

Jami eksport hajmining to‘rtdan bir qismini dronlar, 19 foizini — raketalar, reaktiv snaryadlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari, 13 foizini — radarlar va radioelektron kurash vositalari tashkil etadi.

Sentyabr oyida, urush boshlanishidan biroz oldinroq Germaniya Isroil bilan Arrow 3 raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini sotib olish uchun 3,5 mlrd dollarlik kelishuv tuzgandi, bu raketalar uzoq radiusda harakatlanuvchi ballistik raketalarni tutib olishga mo‘ljallangan. Isroil mudofaa sanoati tarixidagi eng yirigi bo‘lgan ushbu kelishuvda AQShning roziligini olishga to‘g‘ri kelgan, chunki isroilliklar bu tizimni amerikaliklar bilan birgalikda ishlab chiqishgan.

AQShning Isroildagi harbiy zaxiralari

Xabarlarga ko‘ra, AQSh Isroilga o‘z zaxiralaridagi artilleriya snaryadlaridan foydalanishga ruxsat bergan. ​​​​​Foto: EPA

Isroilda AQSh qurollarining eng yirik ombori joylashgan, u 1984 yilda Amerika armiyasi mintaqaviy mojaroga aralashgan taqdirda ishlatish, shuningdek favqulodda vaziyatlarda Isroil qurollardan tezda foydalana olishini ta’minlash maqsadida tuzilgan.

Rossiya bosqini boshlanganidan keyin Pentagon ushbu zaxiralardan 300 mingtaga yaqin 155-mm kalibrli artilleriya snaryadlarini Ukrainaga yuborgan.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu omborda saqlab kelingan o‘q-dorilar G‘azodagi urush boshlanganida Isroilga ham yetkazib berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: