Rossiyadan kelgan harbiy instruktorlar Niger armiyasini tayyorlashga kirishdi. Harbiy texnika bilan samolyot tushirilayotgani tasvirini Nigerning RTN davlat telekanali namoyish qildi, deb xabar berdi Reuters 12 aprel, juma kuni. «Biz Niger armiyasini tayyorlash, Rossiya va Niger o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kengaytirish uchun keldik», dedi RTN telekanalida kamuflyajdagi kishi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Nigerda havo hujumidan mudofaa tizimini o‘rnatishga ham rozi bo‘lgan.
Nigerda harbiy xuntaning hokimiyatga kelishi va Rossiya bilan yaqinlashish
Niger - dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri. 2023 yilda harbiy xunta mamlakatda hokimiyatni egallab oldi. Moskva aloqadorlikda gumon qilinayotgan davlat to‘ntarishidan oldin Niger AQSh, Fransiya va Germaniya kabi g‘arb davlatlarining G‘arbiy va Markaziy Afrikadagi jangarilarga qarshi kurashdagi eng muhim hamkorlaridan biri bo‘lgan. Niger ko‘p yillar davomida IShID va «Al-Qoida» bilan aloqador turli guruhlar tomonidan hujumlarga uchragan.
2023 yil yanvar oyida Niger Mali va Burkina-Faso bilan birgalikda G‘arbiy Afrika davlatlarining iqtisodiy hamjamiyati EKOVAS mintaqaviy alyansidan chiqdi, uning asosiy maqsadi G‘arbiy Afrikada mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash edi. Niger hukumati AQSh va Fransiya bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatayotganini rasman e’lon qilgan. Bundan tashqari, ular harbiy xarajatlari endi nazorat qilinmasligi to‘g‘risida farmon chiqardi.
Mutaxassislarning fikricha, Nigerning Vashington bilan munosabatlari uzilishi va harbiy xarajatlar ustidan nazorat bekor qilinishi Rossiya bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv dastlabki sharti bo‘lgan.