Moskvada Qirg‘iziston elchixonasi xodimi uyiga politsiya bostirib kirdi 

Jahon 18:56 / 12.04.2024 26282

Rossiya ichki ishlar organlari xodimlari Moskvada Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Jo‘ldoshbekovning xonadoniga bostirib kirib, uning oila a’zolariga tan jarohati yetkazgani haqidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. 

Shu munosabat bilan, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilganidek, 12 aprel kuni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasida Rossiya elchixonasi konsul maslahatchisi Andrey Burev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda Qirg‘iziston tomoni Rossiya ichki ishlar organlari xodimlarining Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi maslahatchisi oila a’zolariga nisbatan 1961 yildagi Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan harakatlaridan xavotir bildirgan. 

Shuningdek, Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Qirg‘iziston diplomatik vakolatxonasining akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlariga nisbatan bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va sinchiklab tergov o‘tkazish, aybdorlarni imkon qadar tezroq javobgarlikka tortish talab etilgan. 

O‘z navbatida, konsul Burev bu faktdan afsusdaligini bildirgan va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston tomonidan rasmiy nota olganini, shu asosda hozir tekshiruv o‘tkazilayotganini, uning natijalariga ko‘ra qirg‘iz tomoni xabardor qilinishini aytgan.  

Avvalroq, Rossiyaning VChK-OGPU telegram kanali 8 aprel kuni Rossiya Ichki ishlar vazirligining ikki xodimi Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Jo‘ldoshbekovning Moskvadagi yashash manziliga bostirib kirgani va Rossiyada qanday asosda yashayotganini isbotlashini talab qilgani haqida xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, politsiya diplomat va uning oilasi xonadoniga eshik qulfini buzib kirgan. Diplomat va uning oila a’zolari diplomatik pasport va diplomatik kartochkalarini taqdim etganidan keyin ham politsiya xodimlari migratsiya ro‘yxatidan o‘tganlik haqidagi hujjatlarni taqdim etishni tajovuzkor tarzda talab qilgan. Ta’kidlanishicha, diplomatning rafiqasiga tan jarohati yetkazilgan, bu esa voyaga yetmagan farzandlariga ruhiy zarba bo‘lgan. 

Rossiya IIV holat bo‘yicha hozircha hech qanday izoh bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: