G‘azodagi vaziyat
BMT bolalar fondi — UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Falastinning ta’lim tizimini izdan chiqargan.
Falastinlik bolalar G‘azo janubidagi Rafah shahrida chodirlardan yasalgan sinflarda ta’lim olishmoqda. Bu yerda Isroilning shafqatsiz hujumlaridan g‘azoliklarning teng yarmi jon saqlamoqda.
Urush boshlanganidan so‘ng maktablarning ko‘pchiligi Isroil aviazarbalaridan yashiringan aholi uchun bombalardan panalash joyiga aylangan. UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi maktablarning har 10 tasidan 8 tasi vayron qilingan.
G‘azodagi 620 mingdan ziyod maktab yoshidagi bolalar ta’lim ololmayapti. Isroilning G‘azoga nisbatan harbiy agressiyasi Falastin ta’lim tizimini butkul izdan chiqargan.
Isroil agressiyasi qurbonlari soni 33 ming 545 nafarga yetgan, deb xabar beradi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi. Yarador bo‘lganlar soni 76 ming nafardan oshgan.
So‘nggi sutka ichida amalga oshirilgan ommaviy qirg‘inlar oqibatida halok bo‘lganlar 63 kishini, yaradorlar 45 kishini tashkil etgan. G‘azoda ochlik ham hukm surmoqda. Ochlikdan o‘lganlar soni 34 kishiga yetgan.
Eronning Isroilga zarbasi
AQShdagi harbiy mulozimlar va ularning ittifoqchilari Eronning Isroilga zarbasi muqarrar sodir bo‘ladigan voqea deb hisoblashmoqda. Zarbalar «Hizbulloh» kabi proyeksilar vositasida emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa zarbasi ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Bu esa mintaqaviy urush tahdidini kuchaytiradi.
Eronning Damashqdagi konsulxonasiga raketa zarbasi berilgach, Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiy Isroildan o‘ch olinishini e’lon qilgach, AQSh prezidenti Jo Bayden Isroilni qo‘llashga va’da berdi.
«Ular bizning konsulligimiz hududiga hujum qilgani mamlakatimiz, hududimizga hujum qilganini anglatadi. Badkirdor rejim albatta jazolanishi kerak va u jazolanadi ham», — degan edi Xominaiy.
Agar Eron to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bersa, Isroil albatta javob qaytaradi. «Agar Eron o‘z hududidan zarba beradigan bo‘lsa, Isroil Eronga zarba berish bilan javob qaytaradi», — degan Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats.
Eron esa Isroilga zarba berish bo‘yicha dastlabki rejasidan qaytgan yoki uni bir necha oyga kechiktirgan ko‘rinadi. Bunga sabab Baydenning ogohlantirishlari bo‘lishi mumkin, deb yozadi yahudiylarning Yedioth Ahronoth nashri.
AQSh Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar kabi arab ittifoqchilari siymosida Eronga noma jo‘natib, agar Isroilga Eron hududidan zarba amalga oshirilsa, Erondagi barcha harbiy va energetika obektlari qonuniy nishonga aylanishi to‘g‘risida ogohlantirish jo‘natgan.
Eron Isroilga javob zarbasini berish fikridan qaytish shartini ma’lum qildi. Buning uchun BMT Xavfsizlik Kengashi Isroil rasmiylarining harakatlarini qoralashi kerak ekan.
«Agar BMT Xavfsizlik Kengashi «sionistik rejim»ning Damashqdagi diplomatik binolarimizga nisbatan berilgan tajovuzkor zarbasini qoralaganida va keyinchalik aybdorlarni javobgarlikka tortganida edi, Eron tomonidan bu soxta rejimni jazolash zaruratining oldini olish mumkin edi», deyiladi Eron diplomatik missiyasi bayonotida.
Ukrainadagi urush
Rossiya harbiy harakatlar davomida talafot ko‘rgan armiyasining sonini nafaqat tiklay olgan, hattoki uni ko‘paytirgan. Chaqiriq yoshini ko‘tarib, shartnoma asosida xizmat qiluvchilarni jalb qilib, Rossiya hokimiyati Ukrainaga yangi hujum boshlashni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin.
G‘arb harbiylarining baholashlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari 300 ming o‘lgan va yaradorlardan oshadi. «Mediazona» va «Bi-bi-si rus xizmati» 49 mingta halok bo‘lganlarni nomma-nom aniqlagan.
Shunga qaramasdan, Rossiya qurolli kuchlari sonini biz o‘ylaganimizdan tezroq tiklay olgan, degan AQShning Yevropadagi qurolli kuchlari qo‘mondoni general Kristofer Kavoli. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi ayni paytda Ukrainaga bostirib kirilgan vaqtga nisbatan 15 foizga ko‘proq.
O‘tgan davr ichida Rossiya armiyasi tezda xatolardan saboq chiqarish, taktik va texnologik jihatdan moslashishni o‘rgangan va ikki yil muqaddam Ukrainaga bostirib kirgan armiyadan tubdan farq qiladi.
11 aprel kuni Rossiya harbiylari Ukrainaning beshta hududiga hujum qilishdi. Kiyev, Xarkiv, Zaporijjya, Odessa va Lviv oblastlaridagi energiya ta’minoti obektlari raketa hujumiga duchor bo‘lgan.
Ayni paytda Xarkiv oblasti juda og‘ir vaziyatda qolgan. Bu yerda 200 mingdan ziyod aholi elektr ta’minotidan uzilgan.
Kiyev oblastida Tripil issiqlik elektr stansiyasi — poytaxtga yaqin hududdagi eng yirik elektr stansiyasiga zarba berilgan. U Kiyev, Cherkassk va Jitomir oblastlarini tok bilan ta’minlar edi. Ushbu issiqlik elektr stansiyasiga tiklab bo‘lmas darajada zarar yetkazilgan va uning vayron qilinishi blekaut tahdidini keltirib chiqargan.
Ukraina Oliy Radasi harbiy safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qildi. Unda 36 oylik harbiy xizmatdan so‘ng xizmatdan ozod qilish to‘g‘risidagi norma chiqarib tashlangan.
Qonun loyihasi ko‘ra, muddatli harbiy xizmat o‘rniga bazaviy xizmat joriy etiladi. Tinchlik davrida bu 5 oyni, urush davrida 4 oyni tashkil etadi. 24 yoshdan kichik ukrainaliklarga xizmatni o‘tash yili va davrini tanlash imkoniyati beriladi.
Front chizig‘idagi evakuatsiyalar
Ukrainaning Xarkiv oblastida yosh bolali oilalarni majburiy evakuatsiyasi e’lon qilindi.
Front chizig‘iga yaqin joylashgan 47 ta aholi punktida yosh bolali oilalar majburiy tarzda evakuatsiya qilinadi, degan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror hozircha Xarkiv shahriga taalluqli emas, faqat «Xarkiv, Bogoduxov va Izyum rayonlarining Rossiya bilan chegaraga yaqin aholi punktlarini qamrab oladi».
Sinegubovga ko‘ra, evakuatsiyaga tushgan hududlarda 182 nafar bola yashaydi. Mahalliy hokimiyat evakuatsiya yo‘nalishi va ko‘chirilganlar vaqtincha yashaydigan joylarni aniqlashtirib qo‘yishgan.
Rossiyaning Shebekino shahrini ham 90 foiz aholi tark etib bo‘lgan. Belgorod oblastining Shebekino shahri ukrainlar tomonidan o‘qqa tutila boshlagach, bu yerni tark etgan aholi hamon normal hayotga qaytmagan.
Forbes nashrining guvohlarga tayanib yozishicha, hujumlar nafaqat to‘xtamagan, shunchaki oddiy holga aylanib qolgan.
Yozda Shebekino aholisi evakuatsiya qilingach, shahardagi 40 ming aholidan 2,7 ming nafari qolgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat og‘ir bo‘lsa-da, odamlar sekin-asta shaharga qaytishmoqda. Chunki boshqa joyda ijaraga uy olib yashash uchun odamlarda pul yo‘q. Shebekinodagi turar joylarini sotishning esa imkoni yo‘q.
Saudlarning sun’iy idrokka investitsiyasi
Saudiya Arabistoni sun’iy idrokni rivojlantirish uchun 40 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda.
Bu yo‘lda qirollikda yirik jamg‘arma tashkil etilmoqda. Ushbu jamg‘armaning tuzilishi Saudiya Arabistonini sun’iy idrokka eng yirik investitsiya qilgan davlatga va kuchli ta’sirga ega geosiyosiy o‘yinchiga aylantiradi.
Mablag‘lar aktivi 900 mlrd dollar bo‘lgan suveren farovonlik fondidan ajratilishi nazarda tutilgan.