Rossiya xalqaro sanksiyalarga qaramay neft sotish uchun «arvoh tankerlar» flotidan foydalanishni boshlagandan keyin Boltiq dengizida yirik neft to‘kilishi xavfi kuchaymoqda. Bu haqda 11 aprel, payshanba kuni AFP agentligiga Finlandiya chegara xizmatining dengiz xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Mikko Simola ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bortida 100 ming tonna xom neft bo‘lgan 70 ta eski uslubdagi kemalar har hafta Rossiyaning turli portlarida yuklanganidan so‘ng Finlandiya ko‘rfazi orqali o‘tadi. Simola qo‘shimcha qilishicha, bunday tankerlar reysi soni «Rossiyaning Ukrainaga hujumidan oldingiga nisbatan bir xil yoki undan ham ko‘proq».
Fin chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tankerlar Kamerun, Gabon, Jibuti, Palau yoki Beliz bayroqlari ostida harakatlanadi. Departamentning ta’kidlashicha, bunday kemalar Boltiq dengizi shimoliy qismida «ilgari hech qachon bo‘lmagan». Bu davlatlar shimoliy muz sharoitida suzishni yaxshi bilmaydi, bu esa «neft vabosi» - neft yonilg‘isi to‘kilishi tufayli keng ko‘lamli ekologik ofat xavfini oshiradi.
Mutaxassislarning fikricha, aniq egalik va sug‘urtaga ega bo‘lmagan eski kemalar, Ukrainaga keng ko‘lamli hujum uchun Moskvaga kiritilgan sanksiyalarga qaramay, Rossiyaga yirik neft eksportini amalga oshirish imkonini beradi.