BMT qabul komissiyasi Falastin a’zoligi bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi 

Jahon 18:50 / 12.04.2024 3627

BMT Yangi a’zolarni qabul komissiyasi Falastinning to‘laqonli a’zoligi bo‘yicha konsensusga erisha olmadi. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashiga vaqtinchalik rahbarlik qilayotgan Malta doimiy vakolatxonasi Anadolu agentligiga xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Malta ushbu masala bo‘yicha hisobot tayyorlab, BMT Xavfsizlik kengashi a’zolariga taqdim etadi. 

Boshqa tomondan, Maltaning doimiy vakili Vanessa Freyzer jurnalistlarga a’zolik shartlari bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘qligini va qo‘mitaning uchdan ikki qismi a’zolikni qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. 

Falastinning BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Riyoz Mansur BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga davlatning to‘laqonli a’zoligi bilan bog‘liq maktub yo‘lladi. 

«Bugun Falastin Davlati Falastin rahbariyati nomidan Bosh kotibga (Antoniu Guterrish) a’zolik haqidagi arizasini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab maktub yo‘lladi», deyiladi ijtimoiy tarmoqdagi postda. 

Xususan, Mansur maktubda BMT Xavfsizlik Kengashidan aprel oyida Falastinning BMT a’zosi bo‘lish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishni so‘ragan. 

Falastin BMTda «a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat» maqomiga ega. 2012 yilda BMT Bosh Assambleyasi Falastinning maqomini «kuzatuvchi tashkilot»dan «a’zo bo‘lmagan kuzatuvchi davlat»ga ko‘targan edi. 

Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi uchun BMT Xavfsizlik Kengashining roziligi kerak. So‘ngra BMT Bosh Assambleyasida ovozga qo‘yilishi lozim. 

Falastin 2011 yilda BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun ariza bergan, biroq bu tashabbus BMT Xavfsizlik Kengashida qo‘llab-quvvatlanmadi.

Ko‘proq yangiliklar: