AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy, Turkiya va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali suhbatda ularni Eronni Yaqin Sharqdagi mojaroni avj oldirishdan tiyilish zarurligiga ishontirishga chaqirdi. Bu haqda 11 aprel, payshanba kuni jurnalistlarga Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller ma’lum qildi. U Eronning Damashqdagi konsulligiga qilingan hujumga ehtimoliy javobi tufayli mintaqadagi vaziyat keskinlashishi «hech kimning manfaatiga to‘g‘ri kelmasligini» ta’kidladi va bu muammoni hal qilish uchun Vashington diplomatik kanallar va yevropalik hamkorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishini qo‘shimcha qildi.
Damashqdagi Eron konsulligiga havo hujumi
1 aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi yaqinida amalga oshirilgan havo hujumida 16 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikki generali Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Xoja Rahimiy ham bor. Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Tehron zarba uchun Isroilni javobgar deb hisoblashini bildirib, voqeani «barcha xalqaro konvensiyalarni buzish» deb atadi.
7 aprel kuni Ummonga tashrifi chog‘ida Eron tashqi ishlar vazirligi rahbari Vashingtonga maktub yo‘llab, unda konsullikka qilingan hujumga javob muqarrarligini ta’kidladi. Uning ma’lum qilishicha, Tehron bunga «mintaqaviy vositachilar»ni jalb qilishni rejalashtirmoqda, shu bilan birga, javob choralari «nazorat qilinadi» va mintaqada keskinlashuvga olib kelmaydi.
O‘z navbatida, Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats 10 aprel kuni Eron Isroilga o‘z hududidan hujum qilsa, TsAHAL Eron hududiga zarbalar bilan javob berishini aytdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 11 aprel kuni hujum qayerdan bo‘lishidan qat’i nazar, u javobsiz qolmasligi haqida ogohlantirdi.
Avvalroq Blomberg AQSh va uning ittifoqchilari Eronning Isroilga qarshi javob zarbasini muqarrar deb hisoblayotgani haqida xabar bergan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda aniq boshqariladigan raketalar yordamida ehtimoliy hujum sodir bo‘lishi mumkin.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.