Yaqin Sharqdagilar kutmoqda - Eron Isroilga javob qaytaradimi?

Jahon 19:02 / 11.04.2024 23722
Islom inqilobi muhofizlari korpusining Damashqdagi Eron konsulligiga zarbasi oqibatida halok bo‘lgan yetti nafar a’zosining dafn marosimi. Tehron, 2024 yil 5 aprel. Foto: Hossein Beris / Middle East Images / ABACA / Scanpix / LETA

1 apreldan buyon Yaqin Sharq Isroilning Suriyadagi Eron konsulligiga Eronning javobini kutmoqda. O‘tgan vaqt ichida Islom Respublikasi Isroil hududiga yoki uning diplomatik obektlariga hujum qilish arafasida turgani haqida bir necha bor xabarlar tarqaldi, ammo hozircha bunday zarba bo‘lmadi. Tehron umuman javob bermay keta olmaydi: konsulxonaga zarba — juda jiddiy chaqiriqdir. Eron hukumati Isroilning o‘z hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob zarbasiga olib kelmaydigan, shu bilan birga, yetarlicha ishonarli qasos aksiyasini amalga oshirishi talab etiladi. Sharqshunos, «Dejurnyy po Iranu» telegram-kanali muallifi Nikita Smagin «Meduza» nashriga mintaqada katta urush ehtimoli qanchalik ekani va yaqin vaqtlar ichida nimalar kutish mumkinligi borasida so‘zlab berdi.

Isroilning zarbasi — nafaqat pretsedent, balki butun dunyo, jumladan AQSh uchun muhim signal

Isroil harbiy-havo kuchlari 1 aprel kuni Eronning Damashqdagi konsulxonasi bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Yetti nafar eronlik harbiy halok bo‘lgan, jumladan Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» bo‘linmasi generallari Muhammad Rizo Zohidiy va Muhammad Hodi Hoji Rahimiy.

Bu zarbani muhim pretsedent (avval kuzatilmagan voqea) deb atash mumkin. Bunga qadar Isroil bir necha bor Eron obektlari hamda Suriyadagi eronparast kuchlarga zarbalar yo‘llagan, ammo hech qachon diplomatik binoga hujum qilmagandi. Bundan tashqari, bir necha yuqori martabali harbiylar o‘ldirildi, general Zohidiy Islom inqilobi muhofizlari korpusining Suriya va Livandagi amaliyotlarini boshqarardi. Bu 2020 yil «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Iroqda o‘ldirilganidan buyon Eron uchun (agar o‘ldirilganlar soni emas, ularning maqomi hisobga olinsa) Yaqin Sharqda eng katta yo‘qotishi bo‘ldi.

Isroilning zarbasini jahon bo‘ylab xavotir bilan qarshi olishdi — uni ko‘plab mamlakatlar, jumladan Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya va Xitoy ham qoralashdi. Shuningdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tanqidiy chiqish qildi. Diplomatik obektlar daxlsizligi xalqaro huquqning muhim qismi hisoblanadi — va bu jihatdan Isroilning harakatlari Erondan boshqalarni ham tashvishga solmoqda.

Islom Respublikasi ham bir necha bor diplomatik obektlar daxlsizligi prinsipini buzgan. Ammo bunday holatlarning oxirgisi ro‘y berganiga ancha bo‘ldi: 2016 yilda Tehronda olomon Saudiya Arabistoni elchixonasiga bostirib kirgandi. Shu bilan birga, Eron hech qachon elchixonalarga raketa yoki pilotsiz qurilmalar bilan zarba bermagan. Boshqa so‘z bilan aytganda, isroilliklar zarbasi Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilikda yangi sahifa ochilishi uchun yetarlicha ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bu hujum G‘azodagi urush tufayli Isroilga xalqaro bosim kuchaygan sharoitda amalga oshirilgani uchun ham alohida e’tibor tortdi. Isroil mudofaa armiyasi harakatlari hozirda nafaqat G‘arbda bo‘lmagan davlatlarni, balki AQShning o‘zini ham norozi qilmoqda. Mart oyi oxirida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Rafahdagi amaliyotni muhokama qilish uchun Amerikaga delegatsiya yuborishdan bosh tortdi — bunga Vashington BMT Xavfsizlik kengashida G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyaga veto qo‘ymagani sabab bo‘lgandi. Shu tariqa, Eron konsulligiga zarbani Isroil tomonidan butun dunyoga qaratilgan signal deyish ham mumkin: ushbu mamlakat xalqaro munosabat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, muammolarini o‘z bilganicha hal etadi.

Isroil harbiy borada Erondan ancha kuchli — ushbu davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik dinamikasini aynan u belgilaydi

Isroil va Eronning ko‘p yillik qarama-qarshiligi ancha nostandart sharoitlarda kechmoqda. Bir tomondan, yahudiy davlati harbiy-texnik jihatdan Erondan kuchliroq. Boshqa tomondan — ushbu dushmanlikning mafkuraviy ilhomlantiruvchisi aynan Tehron bo‘lib qolmoqda: «Isroilga o‘lim» shiori — Islom inqilobining o‘zgarmas merosidir.

Shu bilan birga, Eron tomoni o‘z zaifligini yaxshi biladi — shu tufayli doimo Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochishga intiladi va o‘z hududiga zarba berilishi xavfini minimallashtiradi. Bunday xavotir 2022 yil kuzida Erondagi norozilik namoyishlari chog‘ida yuzaga kelgan va 2024 yil martida saylovchilarning rekord darajadagi past ishtiroki bilan, muqobil nomzodlar ishtirokiga yo‘l qo‘yilmagan saylovlar davomida kuchaygan legitimlik inqirozi fonida ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

  • 1 mart kuni Eronda bir vaqtning o‘zida hokimiyatning muhim ikki organi uchun umummilliy saylovlar o‘tkazildi — majlis (290 nafar deputatdan iborat bir palatali parlament) va Ekspertlar kengashi (88 kishi). Deputatlar to‘rt yil muddatga saylanadi, ekspertlar esa — sakkiz yilga. Kengashning asosiy funksiyasi — mamlakat oliy rahnamosi oyatulloh ketadigan taqdirda (bu umuman ro‘y berishi dargumon bo‘lgan holat) uni saylash hisoblanadi. Bu Eronda 2022 yil kuzida, islomiy «dress-kod»ga amal qilmagani uchun qo‘lga olingan Mahsa Aminiy vafot etishi ortidan boshlangan namoyishlardan buyon ilk saylov bo‘ldi. Ovoz berishning asosiy natijasi (kutilganidek) Islom Respublikasi tarixidagi rekord darajadagi past davomat qayd etilishi bo‘ldi — ro‘yxatga olingan saylovchilardan faqat 41 foizi saylov uchastkalariga chiqishgan. Muqobil nomzodlardan deyarli hech kim saylov jarayoniga qo‘yilmagan vaziyatda konservatorlar g‘alabaga erishdi.

Isroil yoki AQShning ehtimoliy zarbasi hozirgi rejim raqiblarini ruhlantirishga sabab bo‘lishi mumkin. Shu tufayli faqat ma’lum nuqtalarga yo‘llanadigan kam sonli zarbalar ham ichki barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi.

Shu bilan birga, Eron ko‘p yillardan buyon vazifasi kuchlar mavozanatini kompensatsiya qilish bo‘lgan strategiya ustida ishlab keladi. Buning uchun mamlakat «Hizbulloh», HAMAS, Iroqdagi Hashd ash-Shaabi va Yaman husiychilarini o‘z ichiga oluvchi ittifoqchilar tarmog‘ini rivojlantirmoqda. Bundan maqsad raqib bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga kirishmay turib, doimiy jang qilish hisoblanadi. Qo‘g‘irchoq qurolli tuzilmalar — proksi — buning uchun juda mos keladi.

Bunday yondashuv birinchi navbatda AQShga nisbatan yaxshi ishlaydi. Eron amerikaliklarga zarba bermaydi, lekin bu ishni ularning qurollari bilan va Eron axboriy ko‘magida Iroq va Suriyadagi guruhlar amalga oshiradi. Natijada Tehron AQSh mintaqani tark etishi yoki hech bo‘lmasa o‘z mavjudligini kamaytirishi umidida muntazam ravishda Vashingtonga bosim o‘tkazadi. O‘tgan yillar mobaynida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlardan qochishning uddasidan chiqilgan: Donald Tramp prezidentligi davrida amerikaliklar Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgani istisno qilinsa, AQSh Eron kuchlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmagan.

Ammo Isroil bilan munosabatlarda bu taktika u qadar yaxshi ish bermayapti. AQSh so‘nggi o‘n yilliklarda Eron bilan qarama-qarshilikda deyarli faqat reaksion tarzda harakat qilib, Eron ta’siridagi kuchlar bosimiga javob qaytargan. Isroil esa o‘ziga kimdir zarba berishini kutib o‘tirmaydi. Uning o‘zi doimiy ravishda vaziyatni keskinlashtirib turadi. Mamlakat muntazam ravishda Eronga kiberhujumlar amalga oshiradi, Eron hududidagi yadroviy olimlar hamda harbiylarni o‘ldiradi, Suriyadagi eronlik harbiylar ustiga zarbalar beradi. Ya’ni harbiy qarama-qarshilikdagi kun tartibini Eron emas, ko‘proq Isroil belgilaydi.

Tehron esa Isroil bilan kurash boshqa qo‘llar orqali va haddan tashqari ekskalatsiyasiz kechishidan manfaatdor. Ammo endilikda yahudiylar davlati Islom Respublikasi kuchlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar berish orqali Eronni qarama-qarshilikning yangi darajasiga tortmoqda. Bunda mantiq bor: to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikda Isroil Erondan ancha kuchliroq. Shuning uchun, Isroil tomoni proksi-urushda qatnashish o‘rniga ko‘proq «ochiq kurash» yo‘lidan bormoqda — va Tehron buni ko‘rmaganga ololmaydi.

Konsulxonaga zarbaga Eron qanday ko‘rinishda javob berishidan qat’i nazar, hali ham katta urush ehtimoli katta emas. Bu Tehronning pragmatizmi tufayli — u yerdagilar Isroil bilan urushda ustunlik Eron tomonida bo‘lmasligini yaxshi tushunishadi. Shu tufayli Islom Respublikasi nozik javobni topishga intilmoqda: bunda javobni hamma ko‘rishi, shu bilan birga mojaro katta urushga aylanib ketmasligi kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: