Ukraina Oliy Radasi safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. 351 nafar xalq deputatidan 283 nafari uni yoqladi, bir nafari qarshi ovoz berdi.
Deputat Aleksey Goncharenko so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasidan demobilizatsiya to‘g‘risidagi qoidalar chiqarib tashlangan. Dastlab, safarbar qilingan ukrainaliklar 36 oydan keyin harbiy xizmatni tark etishi mumkinligi to‘g‘risidagi band kiritilishi rejalashtirilgan edi.
Qonun prezident tomonidan imzolanganidan keyin bir oy ichida kuchga kiradi.
«RBK-Ukraina» xabariga ko‘ra, harbiy xizmatga majbur ukrainaliklar endi prezident safarbarlik e’lon qilganidan keyin 60 kun ichida harbiy qo‘mitalarga borib, o‘zi haqidagi dolzarb ma’lumotlarni taqdim etishi shart bo‘ladi. Bu xorijda yashovchi ukrainaliklarga ham tegishli. Ular buni elektron pochta orqali amalga oshirishi mumkin. Agar ma’lumotlar 60 kun ichida yangilanmasa, qoidabuzarlar 22,5 ming grivnagacha (≈6,7 mln so‘m) jarimaga tortiladi, ayrim hollarda esa sud orqali haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Politsiya har qanday hujjatlarni tekshirish va elektron reyestr bilan solishtirish paytida, agar ma’lumotlar tizimda bo‘lmasa, harbiy xizmatga majbur bo‘lgan shaxsni ushlab turish huquqiga ega bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan barcha erkaklar harbiy guvohnomasini olib yurishi shart. Harbiy qo‘mitalar, politsiya, harbiy xizmatchilar va chegara qo‘shinlari xodimlariga hujjat mavjudligini tekshirish huquqi beriladi. Harbiy guvohnomaning yo‘qligi ham chegarani kesib o‘tishni rad etish uchun asos bo‘ladi. Bundan tashqari, ushbu hujjatsiz konsullik xizmatlari ko‘rsatilmaydi va xorijda 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga Ukraina pasporti berilmaydi.
Qonunga boshqa o‘zgartirishlar qatorida muddatli harbiy xizmatni o‘tash o‘rniga tinchlik davrida 5 oy, jangovar harakatlar paytida esa 3 oylik bazaviy harbiy xizmatni joriy etish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, Ukrainaning 24 yoshgacha bo‘lgan fuqarolari bazaviy xizmat yilini va muddatini tanlashi mumkin. 2025 yildan boshlab, mamlakatda erkaklar uchun majburiy va ayollar uchun ixtiyoriy tarzda umumqo‘shin tayyorgarligi joriy etiladi, bu universitet ta’limining bir qismiga aylanadi.
Safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Radaga ikki marta kiritilgan edi. Hukumat uni ilk bor 2023 yil dekabrida parlamentga yubordi, biroq jamoatchilik e’tirozi yuzaga kelganidan keyin, hujjat qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi. Qonun loyihasining yangi tahriri Oliy Radaga yanvar oyi boshida kiritildi, fevral oyi boshida parlament hujjatni birinchi o‘qishda ma’qullagan edi.