Toshqin Orenburggacha yetib kelgan. Uralda suv sathi kritik darajadan oshib ketgan va ko‘tarilishda davom etmoqda

Jahon 09:16 / 11.04.2024 10010

Shahar rasmiylariga ko‘ra, 10 aprel kuni Orenburg hududida Uraldagi suv sathi ming santimetrdan oshgan. Undan oldingi kunda bu hududda suv sathi qariyb bir metrga ko‘tarilgandi.

Gidrologlar yaqin kunlarda Orenburg hududida Ural suvi kuniga 30-70 santimetrdan oshishini prognoz qilmoqda.

Ural irmoqlaridan biri Sakmara daryosida suv sathi 813 santimetrga yetgan, 870 santimetr xavfli nuqta hisoblanadi.

Orenburgda suv bosgan hudud. MAXAR sun’iy yo‘ldosh tasviri

O‘tgan kun davomida Orenburgda 300 dan ortiq uy suv ostida qolgan, yana 200 tasini yaqin vaqtlar ichida suv bosishi mumkin, deb xabar bergan shahar rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Kudinov. Orenburgda va uning atrofida jami 2,5 ming atrofida tomorqa va 2 ming atrofida uylarni suv bosgan.

Krasnaya ko‘chasi, Orenburg
Foto: ALEEV EGOR/TASS

Avvalroq Orenburg oblasti gubernatori Denis Pasler Orenburg shahrida uylari suv bosish xavfi ostida bo‘lgan aholi vakillarini evakuatsiya bo‘lishga chaqirgandi. U Ural va Sakmara daryosi bo‘yidagi hududlarni suv bosish xavfi ostidagi hududlar sifatida keltirgandi.

Orenburg shahri va shu nomli rayonda suv bosib bo‘lgan hududlar aholisini evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bular asosan dala hovlilardan iborat posyolkalardir.

Hududda jami 865 kishi evakuatsiya qilingan, 58 kishi, jumladan 22 nafar bola vaqtincha joylashtirish markazlariga olib kelingan.

«Orenburg Media» telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, 10 aprel tongida bir soat ichida Dubki posyolkasidan 30 kishi evakuatsiya qilingan. Yana 13 kishini qutqaruvchilar Duboviy ples posyolkasidan olib chiqishgan, avvalroq bu hudud aholisi evakuatsiyadan bosh tortgandi.

Uralskaya ko‘chasi, Orenburg
Foto: ALEEV EGOR/TASS
Suv bosgan Krasnaya ko‘chasida itini qutqarayotgan kishi.
Foto: ALEEV EGOR/TASS

Orenburg meriyasi Zarechniy mikrorayoni chekkasidagi bog‘dorchilik jamiyatidan ikki kishi qutqarib qolingani to‘g‘risida xabar bergan. Suv bosgan hududdan o‘tayotgan qutqaruvchilar suv yuzasida bazo‘r turgan va yordamga chaqirayotgan ikki kishini ko‘rib qolishgan.

Meriya xabarida aytilishicha, erkak va ayol bog‘dorchilik jamiyatiga puflama qayiqda kelishgan, ammo ularning qayig‘i simto‘siqqa urilib teshilgan va cho‘ka boshlagandi.

Foto: ALEEV EGOR/TASS

Orskda suv chekina boshlagan

Bu vaqtda Orsk shahri hududida Uraldagi suv sathi pasayishni boshladi — 10 aprel tongida suv sathi 899 santimetrgacha tushgan. Aprel oyi boshida suv bosgan Orsk va unga yondosh aholi yashash manzillaridan suv chekina boshlagan.

Iriklinskiy suv omboriga suv quyilishi kuniga 259 kubga pasaygan. 10 aprel tongida bu soniyasiga 1226 kub metrni tashkil etayotgandi, undan suv chiqishi esa — soniyasiga 1342 kub metr.

Orsk shahri meri Vitaliy Kozupitsaning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi 136 ta turar joyda suv qolmagan. 6 793 ta uy esa hamon suv bosgan holatda qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: