Proteksionizmdan voz kechish yo‘qotilganidan ko‘ra ancha ko‘proq ish o‘rinlarini yaratadi - iqtisodchilar

Iqtisodiyot 00:12 / 11.04.2024 4717

Ochiq raqobatdan himoyalangan biror bir korxonani ochish orqali nechta ish o‘rni yaratilganini aniq bilamiz, lekin bu holat nechta ish o‘rinlari yaratilishiga to‘siq bo‘lib turganini bilmaymiz. Agar iste’molchilar bojlarga sarflayotgan pullarini o‘zlari xohlagan boshqa narsalarga ishlatganida, iqtisodiyotda paydo bo‘lgan bu qo‘shimcha talab hisobiga ancha ko‘proq ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lardi.

AQShda faoliyat yuritayotgan iqtisodchilar – Harvard universiteti doktoranti Botir Qobilov va Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov Kun.uz bilan suhbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llash va importni cheklashga doir qator savollarga javob berdi.

— Hukumat u yoki bu sohani, masalan avtomobilsozlikni mamlakat sanoatini o‘stirishning strategik yo‘nalishi deb belgilab, shu sohani rivojlantirishni maqsad qilsa, buni amalga oshirishning eng to‘g‘ri mexanizmlari qanaqa bo‘ladi?

Botir Qobilov: Qisqa javob beraman, eng to‘g‘ri usuli – bundan voz kechish. Hukumat qanaqadir sabablarga ko‘ra qaysidir sohalarda chempion bo‘lamiz deb savdo sanoati darajasida qaror qabul qilsa, istalgan narsani strategiya sifatida qabul qilsa, birinchi o‘rinda bundan voz kechish kerak. Bunday strategiyani maqsadi iqtisodiy emas, ko‘proq siyosiy bo‘lishi kerak. Iqtisodiy nuqtayi nazardan buni asoslab berish o‘ta qiyin deb o‘ylayman.

Behzod Hoshimov: Qo‘shilaman. Davlat qaysidir tovarlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ulllanishi kerak bo‘lmagan tashkilot. Ya’ni davlatning funksiyalari bor, ijtimoiy, ommaviy tovarlarni yetkazish: infratuzilma, toza havo, ijtimoiy xizmatlar, sud, xavfsizlik kabi funksiyalari bor. Lekin avtomobil, samolyot sanoatini rivojlantirish kabi ixtiyoriy shunga o‘xshagan narsalar bilan shug‘ullanishi bizga qimmatga tushadi. Biz yillar davomida buning uchun to‘lab kelyapmiz. Chunki buni davlat qilsa, samarasiz bo‘ladi, samarali bo‘lsa ham undan keladigan yutuqlarimiz kamroq bo‘ladi.

Shuning uchun o‘zbekistonliklarning ko‘p iqtisodiy yo‘qotishlari nafaqat avtomobil, balki kundalik tovarlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Deylik, O‘zbekistonda mineral suvga 50 foiz boj bor. Chet elda 1 dollar turadigan suv, O‘zbekistonda 1,5 dollar. Bu degani o‘zbekistonliklar har bir mineral suv uchun 50 foiz qimmat to‘lashga mahkum. Bu – ko‘zga ko‘rinmaydigan yo‘qotish. Xitoydan import qilinadigan avtomobillarga necha foiz QQS, necha foiz boj borligini bilamiz, lekin shokolad, mineral suv kabi narsalarni millionlab insonlar iste’mol qiladi. Mashina haydaydiganlar esa 10 foiz ham emas, lekin suv ichadiganlar hamma. Mahalliy mineral suvchilarni himoya qilish uchun shunday bojlar qo‘yilgan.

Muhim g‘oya shundaki, biz hozircha avtomobillardan ko‘ra, samolyot importiga ko‘proq pul sarflaymiz va xohlardimki, mening gapimdan keyin samolyot zavodini quraylik deb qolishmaydi. Keyin Boeing'dan xat kelmasin tag‘in, O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmaydigan ayerobuslar kelyapti deb…

Botir Qobilov: Yana bir qo‘shimcha. Hukumat mashina ishlab chiqarish biznesi yoki aytaylik paypoq ishlab chiqarish biznesini o‘zining strategik yo‘nalishi deb qabul qilsa, buni eng katta ikkilamchi ta’siri – o‘sha sohaga xususiy o‘yinchilar kirib kelishini to‘sadi yoki mavjudlarini chiqarib tashlaydi. Kelajakda o‘sha bozorga tashqaridan investitsiya qilishi mumkin bo‘lgan xususiy kapitalni yo‘q qiladi. Hukumat biror sohani strategiya sifatida qabul qilsa, kichkina bolani 50 yil davomida parvarishlab, tashqaridagi hamma qiyinchiliklardan asrab kelishi o‘sha bozorga pul tikaman degan istalgan ishlab chiqaruvchining ishtiyoqini nolga chiqaradi.

Behzodning misoliga to‘xtalaman, chet ellik mineral ishlab chiqaruvchi O‘zbekistonga kiraman desa-yu, hukumat ikkita yoki bitta mineral suvchini avaylab asrab kelayotgan bo‘lsa, tabiiyki, unga hech kim kelmaydi, investitsiya qilmaydi. Chunki ertaga hukumat bitta qaror bilan o‘sha bozor qoidalarini o‘zgartirib qo‘yishi mumkin.

— Ish o‘rinlari haqida nima deya olasizlar? Aytaylik, hukumatning qo‘llovi bilan biror yirik korxona tashkil etilsa, bu minglab odamlar ishli bo‘ladi degani. Agar bu korxona himoya qilinmasa, minglab ishchi o‘rinlari xavf ostida qoladi, degan qarash bor.

Behzod Hoshimov: Yaratilgan ish o‘rinlari ko‘zimizga ko‘rinishi mumkin, lekin yaratilmay qolayotgan alternativ ish o‘rinlari ko‘rinmaydi. Masalan, 200 mln dollarga Toshkentda “Hyatt Regency” mehmonxonasini qurish orqali aytaylik 200ta ish o‘rni yaratilgan, bu har bir ishchi o‘rni uchun 1 mln dollar to‘langan degani. Bir kishi 1 mln dollar topishi qiyin, boshqa zavodlar ham bor, ularda ham har bir ishchi o‘rnining narxi 1 mln dollar atrofida.

Asosiy argument, davlat hisobidan strategiyalar natijasida yaratilgan ish o‘rinlarini hisobotlarda shuncha ish o‘rin yaratdik deyish mumkin, lekin uning natijasida yaratilmay qolgan ish o‘rinlari ko‘zimizga ko‘rinmaydi, xolos. Lekin ular yo‘q degani emas. Shuning uchun ish o‘rinlari haqidagi muhokamaning xatoligi shundaki, o‘sha investitsiya, pul, mablag‘lar iqtisodiyotning samaraliroq sohalariga sarflansa, ko‘proq ish o‘rni yaratilardi. 15-16 millionta mehnatga layoqatli xalqimiz bor, ularning aksari juda kichkina korxonalarda ishlashadi. Davlat hisobidan yuzlab millionlik qarzlar olinib, yoki subsidiyalar berilgan korxonalarda ko‘p bo‘lsa 30 mingta odam ishlaydi. Mehnat bozoriga qarasak, bu pichoqqa ilinadigan raqam ham emas. Bizda har yili yuz minglab odamlar ishini yo‘qotadi va yana qaytib ishga joylashadi.

Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki ko‘p mamlakatlarda ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinadigan ishlar, siyosiy sabablarga ko‘ra ish o‘rinlarini ro‘kach qilishadi. AQShda ham qanaqadir narsaga boj qo‘yishadi va o‘sha bojni lobbi qilgan senator “shu boj hisobiga shtatda 50ta ish o‘rni yaratildi” deydi. Odamlarning daromadi kamaygani hisobiga yaratilmagan ish o‘rinlari esa ko‘rinmayapti.

Masalan, 100 dollarlik kompyuterga 50 foizlik boj joriy qilsangiz, uni 150 dollardan sotib olishga to‘g‘ri keladi. Demak, har bir kompyuter sotib oladigan odamda boshqa joyga ishlatishi mumkin bo‘lgan 50 dollar samarasiz ketyapti. Kompyuterning o‘rniga nimani qo‘ysangiz qo‘ying. Iste’molchi o‘sha ishlatmagan 50 dollarini boshqa narsaga sarflardi: bolasiga kitob, qalam olib berardi, parkka olib borardi, ya’ni ishlatmasdan saqlab o‘tirmasdi. Qanchadir ish o‘rni yaratish uchun nimanidir qimmatga sotib olishga majbur bo‘lyapmizmi, o‘sha farqdagi pulni hech narsaga ishlatmay yoqib yubormaydi-ku iste’molchi. Agar biz bir yilda bojlar hisobiga 500 ming dollar ko‘proq to‘lamay, o‘sha 500 ming dollarni o‘zlari tanlagan boshqa narsalarga sarflaganda, iqtisodiyotda yuzaga kelgan 500 ming dollarlik qo‘shimcha talab hisobiga ancha ko‘proq ish o‘rni yaratilgan bo‘lardi.

Botir Qobilov: Yaqinda shu mavzu haqida podkastda gaplashgan edik Behzod bilan. 2023 yilda tadqiqot chiqqandi, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tariflar kurashida impitiv topilmalardan biri shundaki, Tramp adminstratsiyasi temirga bojlarni qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘ygandi. Ular Xitoydagi ish o‘rinlarini Amerikaga olib kelamiz deb va’da bergandi, lekin taqdiqot ko‘rsatgan edi-ki, AQShda temir ishlab chiqarish bo‘yicha ish o‘rinlari yaratilmagan. Buning asosiy foydasi Trampga ovoz beradigan respublikachilar yashaydigan tuman va shtatlarda o‘sha siyosatni qo‘llab-quvvatlaydiganlar soni oshgan. Buning asosiy sabablaridan biri ish o‘rinlari, proteksionizm asosida ko‘pincha iqtisodiy emas, siyosiy motiv turadi.

Hukumat ish o‘rinlari yaratish biznesida bo‘lmasligi kerak. O‘zi hukumat uchun nominal ish o‘rinlari yaratish qiyin ish emas, qog‘ozda bir kunda millionta ish o‘rni yaratish mumkin. Qanaqadir yangi vazirlik tuzasiz, mingta shtat yaratasiz, mingta haydovchi, mingta yordamchi va mingta yordamchisining yordamchisi qilsangiz, bir kunda 100 mingta ish o‘rni paydo bo‘ladi. Lekin bu ish o‘rni yaratish degani emas, bu xuddi davlat tekin nafaqa tarqatishi bilan teng.

Agar u yoki bu bozor ochilsa, himoya qilib kelingan u yoki bu korxona tashqaridan kelayotgan raqobatga chiday olmasa, bu vaziyatda hukumatning o‘rni qanday bo‘lishi kerak degan savol tug‘iladi. 30 mingta odam ishsiz qolib ketyapti, degan savolni hukumat o‘ziga o‘zi beradi. Chunki bu 30 mingta odamning ovozi bor, AQSh konteksida gapirsak, kasaba uyushmalari bor. Lekin erkin savdo natijasida qaysidir korxona yopilib ketib, odamlar ishsiz qolsa, bunda hukumatning o‘rni umuman boshqacha bo‘lishi kerak: ta’lim va tibbiyotga pul tikish. Samarasiz joyda ishlatilayotgan 30 mingta odamni ushlab turish emas, balki erkin bozor natijasida samarali korxonalarni soliqqa tortgan holda tibbiyotga, ta’limga yo‘naltirib, odamlar o‘zlari yangi til, bilimlarni o‘zlashtirishi, iqtisodiy zanjirda kerakli bo‘lish uchun imkon yaratishi kerak. Bu oddiy, maktab, institut, bog‘cha va ijtimoiy sohalar.

Behzod Hoshimov: Qisqa hazil bor. Amerikalik iqtisodchi Xitoyga borsa, kanalni ketmonda qazishayotganini ko‘radi. Iqtisodchi “nima uchun ekskavatorlarda qazimayapsizlar, sizlarda bu narsa bor-ku?” desa, xitoyliklar “siz tushunmayapsiz, bizda maqsad ish o‘rinlarini yaratish, bu yerda yuz minglab odamlar ishlayapti”, deydi. Iqtisodchi “unda choy qoshiq bersanglar bo‘larkan, yanada ko‘proq ish o‘rni yaratilardi” deydi.

Samarasiz ish o‘rinlarini yaratish chegarasiz, lekin choy qoshiq berib kanal qaziyotganlarga qachondir: “Bo‘ldi, bu ish tugadi” deyilsa, bittada 50 mingta ish o‘rni yo‘qolishi mumkin. Lekin bunga avvalboshdan yo‘l qo‘yilgan xatoning tuzatilishi deb qarash kerak. Ikkinchidan, bojlar yo‘q bo‘lgani natijasida boylik ko‘payib, u samarali sohaga yo‘naltirilganda yaratiladigan ish o‘rinlari ko‘zga ko‘rinmaydi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: