"Dunyo" xabariga ko‘ra, uchrashuvlar davomida koreys tomoniga Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, jumladan Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodim va talabalarini xorijiy davlatlarda stajirovka o‘tash va malaka oshirishi yuzasidan ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar mazkur oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida, jumladan oziq-ovqat, meva-sabzavot, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va zamonaviy issiqxonalarni qurish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv dasturlarni tashkil etish va hamkorlikda konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar, maqolalar to‘plamini chop etish bo‘yicha fikr-almashdi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat agrar universiteti va Sunchon milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish va imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.