Oliy rada mahbuslarni safarbar etishga ruxsat berishga tayyorlanmoqda

Jahon 11:31 / 11.04.2024 6084

Ukraina Oliy radasi mahbuslarni safarbar qilishga ruxsat berishi mumkin. 10 aprel, chorshanba kuni deputatlar harbiy holat davrida harbiy xizmatni shartnoma bo‘yicha o‘tash uchun mahkumlarni shartli ravishda ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatni 281 deputat qo‘llab-quvvatladi, minimal talab - 226 nafar.

Shunday qilib, mahkumlarning jangovar harakatlarda ixtiyoriy ishtirok etishiga ruxsat berish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Ukraina milliy xavfsizligi asoslariga qarshi jinoyatlar, ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish, shuningdek zo‘rlash yoki jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan mahkumlarga nisbatan shartli ravishda ozod etish qo‘llanmaydi.

Ozodlikka chiqarilganlar ma’muriy nazoratga olinadi

«Jamiyat tushunishi kerakki, panjara ortida o‘tirganlarning hammasi ham jinoiy va g‘ayriijtimoiy unsurlar emas. Mahbuslarning ko‘pchiligi yo‘l-transport hodisalari yoki moliyaviy jinoyatlar tufayli panjara ortiga qamalgan, ular o‘z vatanini himoya qilish uchun ruxsat so‘rab yuzlab xat yozgan», dedi qonun loyihasi mualliflaridan biri bo‘lgan Radaning Davlat hokimiyati, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, mintaqaviy rivojlanish va shaharsozlik qo‘mitasi rahbari Yelena Shulyak.

Qonun loyihasida harbiy xizmatni o‘tashdan muddatidan oldin shartli bo‘shatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilinishi va bunday ozod etilganlar harbiy qismlarning ixtisoslashtirilgan bo‘linmalariga yetkazilganidan so‘ng ular ma’muriy nazoratga olinishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, sobiq mahkumlarning harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagani uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzida belgilanadi.

Prezident Volodimir Zelenskiy aprel oyi boshida Ukrainada 25 yoshdan boshlab safarbarlikka chaqirish to‘g‘risidagi yangi qonunni imzoladi.

Ko‘proq yangiliklar: