Rossiya tergov organlari Aleksey Navalniyning o‘limi yuzasidan tekshiruvni 20 aprelgacha uzaytirdi. Bu haqda Tergov qo‘mitasi Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha Tergov boshqarmasining 10 aprel, chorshanba kuni «FBK» direktori Ivan Jdanov tomonidan Telegram’da e’lon qilingan xabarnomasida aytiladi.
«Aleksey Navalniyning o‘limi bo‘yicha dastlabki tekshiruv muddati yana 10 kunga, 20 aprelga qadar uzaytirildi. Ya’ni, Aleksey Navalniyning o‘limi sabablari haqida haligacha davlatdan rasmiy ma’lumot yo‘q», — deb yozadi Jdanov xatning skanerini ilova qilib.
Hujjatda aytilishicha, 19 mart kuni tergov organi rahbari muxolifatchining o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorni bekor qilgan. «Material yurituvga qabul qilingan paytdan boshlab 10 kunga qo‘shimcha tekshirish muddati belgilandi. Tekshiruv materiali 2024 yil 21 martda yurituvga qabul qilingan, shundan so‘ng materialni tekshirish muddati 30 kungacha uzaytirilgan», - deyiladi o‘ta muhim ishlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari adliya mayori Aleksandr Varapayev imzolagan 9 apreldagi xabarnomada.
Aynan shu tergovchi Aleksey Navalniy koloniyada vafot etganidan so‘ng, siyosatchining yashirin dafn marosimini o‘tkazish talabini ilgari surib, uning jasadini onasiga topshirishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng Kanada Varapayevga qarshi shaxsiy sanksiyalar kiritdi.