Ukraina va Britaniya o‘rtasida mudofaa sanoati va qurol ishlab chiqarish sohasida hamkorlik bo‘yicha hadli shartnoma imzolandi. Hujjat Kiyevda bo‘lib o‘tgan konferensiyada Britaniyaning 30 ga yaqin mudofaa kompaniyasi vakillari, jumladan, dron ishlab chiqaruvchilari ishtirokida imzolandi, deb xabar berdi Reuters 10 aprel, chorshanba kuni. Qayd etilganidek, britaniyaliklar Ukrainada mahalliy mudofaa ishlab chiqaruvchilari bilan qo‘shma korxonalar yaratish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Dronlar ishlab chiqarish kengaytiriladi
Ukraina strategik sanoat vaziri Aleksandr Kamishinning marosimdan so‘ng ta’kidlaganidek, bu Ukraina uchun birinchi shunday hukumatlararo kelishuvdir. «Bugungi kunda Britaniya kompaniyalari ukrainaliklar bilan hamkorlikda ishlamoqda va birgalikda ko‘proq qurol ishlab chiqarish imkoniyatlarini izlamoqda», - deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
O‘z navbatida, Buyuk Britaniya savdo vaziri Greg Xends imzolangan kelishuv Ukrainaga Rossiya hujumidan himoyalanib, jang maydonida ustunlik berishi hamda uzoq muddatda uning iqtisodiyotiga foyda keltirishiga umid bildirdi.
Qayd etilishicha, Britaniyaning BAE Systems mudofaa kompaniyasi Britaniya Mudofaa vazirligi bilan Ukrainada yengil qurollarga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va tiklash bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bundan tashqari, har ikki davlat vakillari Ukraina uchun uchuvchisiz uchoqlar ishlab chiqarishni kengaytirishga umid bildirdi. Ukraina bu yil taxminan 1 million dona FPV-dronlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Zelenskiy: Ukraina omon qolish uchun zarur bo‘lgan qurollarni olmayapti
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir kun avval Bild gazetasiga bergan intervyusida uning mamlakati omon qolish uchun zarur bo‘lgan qurollarni g‘arb hamkorlaridan olmayotganini aytdi. «Bizning hamkorlarimizda bugungi kunda omon qolishimiz uchun zarur bo‘lgan ma’lum qurollar bor. Men bu qurollarni nega olmayotganimizni tushunmayapman», dedi u Germaniyadan TAURUS uzoq masofali qanotli raketalar yetkazib berilishiga umid bildirib.