Bayden Netanyahu xato qilyapti deb hisoblaydi, sulh bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda

Jahon 08:22 / 11.04.2024 7136

«O‘ylaymanki, u qilayotgan ish — xato. Men uning yondashuviga qo‘shilmayman», — degan Bayden Amerikaning ispan tilli kanali Univision uchun intervyusida.

«Men isroilliklarni o‘t ochishni to‘xtatishga va keyingi olti-sakkiz hafta mobaynida mamlakatga barcha oziq-ovqat va dori-darmonlar olib kirilishiga yo‘l qo‘yishga chaqiraman», — deya davom etgan prezident.

O‘tgan haftada Bayden AQSh urushda bundan keyin ham qo‘llovni davom ettirishi Isroil ko‘proq oziq-ovqat va dori-darmon o‘tkazishiga bog‘liq ekanidan ogohlantirgandi.

Prezident shuningdek HAMAS tanaffusga rozilik berishi hamda garovda qolganlarni ozod etishi kerakligini aytgandi.

Isroil G‘azoga yordam olib kirilishiga yoki uning taqsimlanishiga to‘sqinlik qilayotganini rad etib, BMT agentligini layoqatsizlikda ayblaydi.

Yakshanba kuni isroillik harbiylar to‘rt oylik janglardan keyin G‘azo janubidagi Xon Yunus shahridagi faol amaliyotlarda ishtirok etgan quruqlik qo‘shinlari olib ketilishini ma’lum qilgandi. U yerda faqat sektorni ikkiga ajratib turuvchi yo‘lakni qo‘riqlash uchun bitta brigada qoldirilgan.

Isroil yaqin vaqtlar ichida Misr bilan chegara yaqinidagi Rafah shahriga yurish boshlashni rejalashtirayotgandi, sektorda urush boshlangach shimol va markaziy hududlardan kelgan milliondan ortiq falastinlik shu yerdan boshpana topgan. Hozircha qo‘shinlar Xon Yunusdan olib chiqilishi bu rejaga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi ma’lum emas.

AQShda G‘azodagi urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi chaqiriqlar, ayniqsa Demokratik partiya siyosatchilari va saylovchilarining salmoqli qismi tomonidan tobora balandroq ovozlarda yangramoqda, bu esa Baydenning noyabr oyidagi saylovlaridagi elektoral koalitsiyasi birdamligiga raxna solmoqda.

So‘nggi haftalarda prezident Netanyahuga nisbatan ritorikasini keskinlashtirgan, ammo AQShning Isroilga harbiy yordami to‘xtovsiz davom etmoqda.

Muzokaralar muvaffaqiyat keltiradimi?

Isroil va HAMASning vositachilar orqali muzokaralari bir necha haftadan buyon davom etmoqda, ammo tomonlar kelishuvga erisha olmagan. Muzokaralarning bu safar Qohirada o‘tkazilgan navbatdagi bosqichida MRB direktori va tajribali diplomat Uilyam Byorns ham hozir bo‘ldi.

HAMAS o‘t ochishni butunlay to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib ketish va uylarini tark etgan falastinliklarni sektorning shimoliy qismiga cheklovlarsiz qaytarish bo‘yicha dastlabki talablariga sodiq qolmoqda.

Binyamin Netanyahu Isroil kurashni HAMAS butkul yakson etilib, ular tomonidan ushlab turilgan isroilliklar ozod etilmagunicha kurashni davom ettirishini aytgan.

«Amerikaliklar Isroilga, shuningdek HAMASga so‘zi o‘tishi mumkin bo‘lgan Misr va Qatarga katta bosim o‘tkazmoqda. Bu ko‘rinib turibdi», — deydi 2011 yil isroillik askar Gilad Shalit ozod etilishi bo‘yicha HAMAS bilan o‘tkazilgan muzokaralarda yordam bergan Gershon Baskin. — Muzokaralarda barcha tomonlarning oliy darajadagi ishtirokini talab etuvchi MRB rahbari kelishi Amerikaning bosimi kuchayganidan dalolatdir».

Ammo bu muzokaralar tez orada maqsadga erishishini anglatmaydi.

Isroil rasmiy shaxslari ayrim yon berishlarga tayyorligini ma’lum qilmoqda: hafta boshida Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant hozir sulh uchun eng to‘g‘ri vaqt ekanini aytgandi.

Avvalroq Isroil G‘azo sektorining janubiy qismidan deyarli barcha kuchlarini olib chiqqanini e’lon qilgandi – ammo bu urush yakunlanganini anglatmaydi
Foto: REUTERS

Erishiladigan har qanday kelishuvga ko‘ra HAMAS qo‘lida bo‘lgan garovdagilarning bir qismini Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarga almashtirishni o‘z ichiga olishi kutilmoqda. Noyabr oyidagi oldingi sulh ham shunday shart bo‘yicha amalga oshirilgandi, o‘shanda bu kelishuv harbiy harakatlar vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘lgandi. Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda 133 kishi asirlikda qolmoqda. Garovdagilardan kamida 30 nafari halok bo‘lgani tasdiqlangan.

AQShning so‘nggi taklifiga ko‘ra, olti haftalik sulhning dastlabki bosqichida HAMAS garovdagilarning 40 nafarini, birinchi navbatda ayollar, jumladan harbiy ayollar, shuningdek 50 yoshdan katta erkaklar hamda og‘ir kasallarni ozod etishi kerak.

Keyin Isroil kamida 700 nafar falastinlikni, jumladan isroilliklarni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 100 kishini qo‘yib yuborishi kerak. Ehtimoliy kelishuvning bu qismi Isroilda turlicha reaksiyaga sabab bo‘lmoqda.

Ammo HAMAS muzokarachilarga o‘z qo‘lidagilar orasida yuqorida sanalgan toifalarga mos keladigan 40 kishi yo‘qligini bildirgan. Bu esa halok bo‘lgan asirlar soni aytilayotganidan ko‘proqligi yoki ularning bir qismi boshqa guruhlar, masalan «Islom jihodi» qo‘lida bo‘lishi mumkinligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

Netanyahuning Isroilning o‘zida manyovr qilish imkoniyatlari jamoatchilik va siyosatchilar bosimi tufayli cheklangan. Garchi isroilliklarning ko‘pchiligi hamon urushni qo‘llayotgan bo‘lsa-da, uni garovdagilarni ozod etishga olib keladigan kelishuvga rozi bo‘lishga chaqiriqlar ko‘proq yangramoqda.

Garovdagilarning oila a’zolari keng ko‘lamli norozilik aksiyalari o‘tkazib, bosh vazirni asirlarni qaytarishdan ko‘ra siyosiy maqomini saqlab qolish ko‘proq tashvishlantirayotganini aytishmoqda. Namoyishchilar undan iste’fo talab qilishmoqda.

Netanyahuning hukmron koalitsiyasida kelishmovchilik kuchaymoqda: bu koalitsiyaga ultrao‘ng va ultramillatchi partiyalar ham kiradi, ular esa HAMASga yon berishga qarshi va urushni davom ettirishga undamoqda.

O‘z navbatida, HAMAS so‘nggi taklifga hozircha rasman javob qaytarmagan, ammo «falastinliklarga qarshi tajovuzga barham beruvchi» kelishuvdan manfaatdor bo‘lsa-da, taklif uning talablariga javob bermasligini bildirgan.

«Isroilning pozitsiyasini qabul qilib bo‘lmaydi», — deyiladi guruh bayonotida.

HAMAS G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatga qaramay, vaqt o‘z foydasiga ishlaydi deb hisoblayotgan bo‘lishi mumkin
Foto: EPA

Oq uy bu javobni «dalda bermaydigan javob» deb atagan.

Katta ehtimol bilan, yakuniy qarorni HAMASning G‘azodagi yetakchisi Yahyo Sinvar qabul qiladi, u yerosti tunnellarida yashiringani va qo‘riqchilar hamda garovdagilar bilan himoyalangani aytiladi. Ammo u bilan bog‘lanish oson emas va bir qancha vositachilar ishtirok etishi jarayonni uzaytiradi.

Baskinning so‘zlariga ko‘ra, guruh Isroil qamoqxonalaridan aynan qaysi falastinliklar ozod etilishini mustaqil hal qilishni istamoqda va ular boshqa mamlakatga deportatsiya qilinishiga rozi emas. Bu ham muzokaralarni murakkablashtirishi mumkin.

HAMAS shuningdek doimiy sulh kafolatisiz Isroil garovdagilarning barchasi ozod etilganidan keyin guruhga hujum qilishda davom etadi deb hisoblaydi - Netanyahu urush boshidayoq guruhni butkul yo‘q qilish zarurati haqida gapirgandi.

HAMAS rahbariyati vaqt ularning foydasiga ishlamoqda va Isroilga xalqaro bosim yakunda ularni yon berishga majbur qiladi, deb hisoblayotgan bo‘lishi mumkin.

G‘azodagi urush HAMASning 7 oktyabr kuni Isroilga hujum qilishi va 1200 nafar atrofidagi odam halok bo‘lishidan keyin boshlangandi. HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning anklavga yurishi oqibatida 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, shundan ko‘p qismi — tinch aholi vakillaridir.

Huquq faollarining ta’kidlashicha, G‘azodagi aholi ochlik yoqasida qolmoqda: Oxfam ma’lumotiga ko‘ra, yanvar oyidan buyon 300 ming kishi kuniga o‘rtacha 245 kaloriya iste’mol qilmoqda — bu kunlik normaning taxminan o‘ndan bir qismidir.

Isroil o‘z harbiy kampaniyasi vaqtida genotsidga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etadi va o‘zini mudofaa qilishga haqli ekanini aytadi.

Ko‘proq yangiliklar: