Viloyat bojxona boshqarmasi xabariga ko‘ra, qo‘shni davlatga o‘tish uchun “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tayotgan vaqtida xatti-harakatlarida shubha paydo bo‘lgani sababli bojxona xodimi belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazgan.
Natijada og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va yozma ravishda deklaratsiyalanmagan 670 ming Rossiya rubli miqdoridagi xorij valutasi borligi aniqlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra jismoniy shaxslar tomonidan ekvivalenti 100 million so‘mga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd valuta mablag‘larini O‘zbekistondan tashqariga bojxona nazorati qoidalariga rioya etilgan holda cheklovlarsiz olib chiqishlariga ruxsat etiladi.