Shveytsariya yozda Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti o‘tkazilishini e’lon qildi

Jahon 20:34 / 10.04.2024 5144

Shveytsariya tomonidan tashkil etiladigan va Ukraina mojarosiga bag‘ishlangan sammit iyun oyida Byurgenshtokda bo‘lib o‘tadi. Yaqin kunlarda mamlakat hukumati taklifnomalarni aniq sanalari bilan jo‘natadi. Bu haqda Shveytsariya prezidenti Viola Amherd ma’lum qildi.

«Federal kengash bugun konferensiya o‘tkazishga qaror qildi. U 2024 yil iyun oyida Nidvalden kantonidagi Burgenshtokda bo‘lib o‘tadi. Aniq sanalari ko‘rsatilgan taklifnomalar yaqin kunlarda yuboriladi», dedi Amherd.

Bloomberg xabariga ko‘ra, sammit 15-16 iyun kunlari o‘tkaziladi. Shveytsariya G7 a’zo davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Xitoy, Hindiston, Janubiy Afrika, Braziliya, Efiopiya va Saudiya Arabistoni kabi Global Janub vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan. Shveytsariya hukumati o‘z bayonotida hozir tinchlik jarayoni boshlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini da’vo qilmoqda.

Sammit Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy taklif qilgan «tinchlik formulasi» asosida o‘tkaziladi. Tadbirda 80 dan 100 tagacha davlat taklif etilishi mumkin. Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis sammitga Rossiyani ham taklif qilishga chaqirmoqda.

O‘z navbatida, Rossiyaning Berndagi elchixonasi hech qanday taklif olmaganini ma’lum qildi. Elchixona Rossiyaning pozitsiyasini ham eslatdi: u taklif qilingan taqdirda ham sammitda qatnashmaydi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Shveytsariya ishonchni yo‘qotgani uchun Ukrainada vositachi bo‘la olmasligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: