Rossiyaning Mi-24 vertolyoti Qora dengiz uzra halokatga uchradi

Jahon 20:22 / 10.04.2024 7865

Mi-24 vertolyoti Qora dengiz uzra parvoz qilayotganda halokatga uchradi, deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib «RIA Novosti».

«2024 yil 10 aprel kuni Moskva vaqti bilan taxminan soat 06:00 da Qrim Respublikasining g‘arbiy sohillari yaqinida Qora dengiz uzra rejali parvozni amalga oshirayotgan Mi-24 vertolyoti halokatga uchradi. Halokatning dastlabki sababi - nosozlik. Voqea joyida qidiruv-qutqaruv xizmati ishlamoqda», deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Ukraina tomoni Mudofaa vazirligi e’lon qilishidan biroz oldin Qrimda Rossiya vertolyoti yo‘q qilinganini e’lon qildi. Biroq, Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-dengiz kuchlari spikeri Dmitriy Pletenchuk so‘zlariga ko‘ra, gap Ka-27 vertolyoti haqida ketmoqda. Keyinchalik u ma’lumotga aniqlik kiritdi: «Vertolyot portladi, sabablari hali aniqlanmagan».

Spiker voqea bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumot berishga hozircha tayyor emasligini ta’kidladi, biroq vertolyot Chernomorskoye qishlog‘i yaqinida qulaganini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, rossiyaparast blogerlarning ta’kidlashicha, Mi-24 vertolyoti xatolik tufayli Rossiya havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: