Rossiyada xorijliklarning soxta nikohiga qarshi qonun loyihasi qabul qilindi

Jahon 21:41 / 10.04.2024 5234

Rossiya Davlat dumasi birinchi o‘qishda chet elliklarning Rossiyada bo‘lishi to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlarni qabul qildi. Endi ular Rossiya fuqarosi bilan ikki yillik turmush qurgandan keyingina mamlakatda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomani olishi mumkin bo‘ladi.

O‘zgartirishlar ikkita qonun matniga kiritilgan – Rossiyaga kirish va undan chiqish to‘g‘risida hamda xorijiy fuqarolarning mamlakatdagi huquqiy maqomi to‘g‘risidagi. Agar ilgari chet el fuqarosi Rossiyada yashovchi Rossiya fuqarosi bilan turmush qurganda vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olgan bo‘lsa, endi buning uchun ular kamida ikki yil birga yashashi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, Davlat Dumasining press-relizida ta’kidlanganidek, o‘zgartirishlar Rossiyada vaqtinchalik yashash uchun ruxsat olmoqchi bo‘lgan «chet elliklar tomonidan bolalarni asrab olish to‘g‘risida soxta hujjatlar berish holatlariga qarshi kurashish»ga ham qaratilgan. Qonunning avvalgi tahririda Rossiya fuqaroligi bo‘lgan farzandi bor chet el fuqarosi yashash uchun ruxsatnoma olishi mumkinligi aytilgan. Endi bunday bola Rossiya fuqarosi bilan nikohda tug‘ilishi yoki asrab olinishi kerak.

Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin soxta nikohni, shuningdek, bola asrab olishni «noqonuniy migratsiya uchun bo‘shliqlardan biri» deb atadi va buni «to‘xtatish kerak» dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar xorijliklar Rossiyada yashashni istasa, «rus tilini, qonunlarini bilishi, madaniyati va an’analarini hurmat qilishi va faqat oila qurish uchun turmush qilishi» kerak.

Qonun loyihasi Davlat Dumasiga 2023 yil 1 noyabrda kiritilgan, biroq martgacha harakatsiz qolgan edi. Uning mualliflari orasida senatorlar Andrey Klishas, Irina Rukavishnikova, Yuriy Valyayev, shuningdek, Davlat Dumasi deputati Viktor Vodolatskiy bor.

Ko‘proq yangiliklar: