O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ilk bor «Texnofest-2024» mudofaa sanoati ko‘rgazmasini o‘tkazadi. Tadbir 2, 3 va 4 may kunlari Toshkentdagi G‘alaba bog‘i majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazmada zamonaviy texnologiyalar, metallurgiya va kimyo sanoati hamda tekstil sohasida ikki maqsadga mo‘ljallangan (harbiy va fuqarolik) ishlab chiqaruvchi zavod, korxona va tashkilotlar o‘zlarining mahsulotlari bilan ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda tanlab olingan eng yaxshi mahsulot korxonasi istiqbolda Mudofaa sanoati agentligi bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, «Texnofest-2024» doirasida ishtirokchilar o‘rtasida robototexnika, modellashtirish texnologiyalari kabi musobaqa va tanlovlar o‘tkaziladi. G‘oliblar Mudofaa vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan taqdirlanadi.