Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Prezident viloyat bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilab berdi.
Jizzaxda tomorqalarni ishga solish bo‘yicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.
Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million so‘m daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi.
Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi, budjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar beradi, xonadonlarga Oilaviy tadbirkorlik dasturidan 33 million so‘mdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million so‘mdan kredit ajratadi.
Kam hosil berayotgan yerlar 50-100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1-5 gektardan lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.
Yirik maydonda mahsulot ekadiganlar qolgan kichik maydon egalarini ham shu yo‘nalishga tortadi.
Shular hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqilishi reja qilingan. Bu mos ravishda qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin bo‘ladi.
Viloyatda chorvachilikni rivojlantirish uchun salohiyat katta.
Investorlar 28 million dollar sarmoya evaziga yiliga 20 ming tonna sut va 5 ming tonna go‘shtni qayta ishlashni, Zomin, Zarbdor va Yangioboddagi 11 mingta xonadonda “Angus” zotli qoramolni ko‘paytirib, sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Sharof Rashidov va Zarbdor tumanida bittadan yirik chorvachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Dronlar yordamida qishloq va o‘rmon xo‘jaligi yerlarida aniqlangan imkoniyatlarni, asalarichilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Irrigatsiya tizimlarini yaxshilash maqsadida Janubiy Mirzacho‘l va Tuyatortar kanallarini betonlash bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshirilishi belgilandi.
Viloyatga investitsiya jalb qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtikada 4 milliard dollarlik 22 ta loyihani boshlashga tayyor.
Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki, Zarbdordagi Shodlik mahallasida Jizzax sanoat zonasi filiali, Zafaroboddagi Chimqo‘rg‘on mahallasida va Sharof Rashidov tumanidagi Toqchilik mahallasida sanoat zonalari tashkil qilinadi.