Saudiya Arabistonining Nabd al-Hadath ("Voqealar pulsi") elektron nashrida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda ko‘plab tarixiy, madaniy va go‘zal qadamjolar mavjud. U yerlarda zarur sharoitlar yaratish lozim, shunda sayyohlarni yanada ko‘proq va yil davomida jalb qilish mumkin. Shu maqsadda mamlakat rahbariyatining topshirig‘i bilan sayyohlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, sayyohlik salohiyati yuqori bo‘lgan 12 ta viloyat va shaharlarda sayyohlik markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu markazlarda restoran, kafe, sog‘liqni saqlash xizmatlari va 24 soatlik suzish havzalari barpo etiladi.
"Zomin","Chimyon" va "Amirsoy" kabi kurort hududlari va ko‘ngilochar majmualarda jahon brendlari, milliy ipak matolar va yodgorlik do‘konlari, zargarlik buyumlari xarid markazlari ochiladi, - deyiladi maqolada. - Shuning uchun turistik markazlardagi tadbirkorlar uchun yer va mol-mulk solig‘ini belgilangan miqdordan 2027 yil 1 yanvargacha 90 foizga kamaytirish, zargarlik va oltin buyumlar ishlab chiqarish uskunalari va texnologiyalarini bojxona to‘lovlaridan 2026 yil 1 martgacha ozod qilish taklif qilinmoqda".
Saudiya nashri, shuningdek, 2024 yildan boshlab "O‘zbekistonga sayohatning yana bir kuni" dasturi amalga oshirilishini xabar qilgan. Ushbu dastur doirasida hududlar o‘rtasida sayyohlik obektlarni bog‘laydigan "Respublika turizm halqalari" hamda viloyatlar va shaharlar o‘rtasida "Hududiy turizm halqalari" yaratiladi.
"Bundan tashqari, "To‘rt faslning har birida sayohat" dasturini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bahor va kuzda ekologik, ekstremal, tibbiy va sog‘lomlashtirish tadbirlari, yozda suv omborlari va kurortlar, qishda ekstremal turizm va chang‘i zonalari targ‘ib qilinadi. Shuningdek, ushbu sayyohlik mavsumlarini ochish uchun festivallar tashkil etiladi", — deya qayd etgan Nabd al-Hadath.