Adliya vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullar hamda kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, ayrim fuqarolarning tug‘ilishi qayd etilmagani sababli shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega emasligi yoki vafot etgan ayrim shaxslarning o‘limi o‘z vaqtida qayd etilmaganligi meros masalasi va boshqa fuqarolik holati bilan bog‘liq holatlar muammolarga olib kelayotgani ayon bo‘ldi.
Aksiya doirasida barcha tuman (shahar) va ulardagi chekka hududlarni qamrab olish maqsadida aniq rejali harakatlar amalga oshirildi. Buyruq bilan hududiy, ya’ni viloyat darajasida hamda tuman va shaharlarda shtablar tashkil qilindi. Har bir hududiy shtablar tarkibiga vazirlik markaziy apparatining tarkibiy bo‘linma rahbarlaridan, shuningdek tuman (shahar) shtablariga hududiy adliya organining bittadan xodimlari mas’ul etib belgilandi.
Mahallalar kesimida xatlov o‘tkazish reja grafiklari tasdiqlandi. Bunda, manfaatdor tashkilotlar va mahalla yettiligidan ixtiyoriylik asosida “yordamchi kuchlar” jalb qilindi.
Tuman (shahar) shtablarida ikki guruhga bo‘lingan holda ishlar tashkil etildi:
birinchi guruh reja grafik asosida mahallalarni xatlovdan o‘tkazdi va tegishli shaxslar ro‘yxatini shakllantirdi;
ikkinchi guruh aksiya doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish uchun murojaat qilgan shaxslarning murojaatini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Shuningdek, 1148 ishonch raqami va ijtimoiy tarmoqda yaratilgan maxsus bot orqali murojaatlar qabul qilindi.
Respublika miqyosida jami 9 442 ta mahallada xatlov o‘tkazilib, 124 99 nafar shaxsda tegishli hujjatlar mavjud emasligi aniqlandi. Shundan 116 415 tasi ijobiy hal etildi, qolgan holatlar o‘rganib chiqilmoqda. Jumladan, 1 639 nafar shaxsning tug‘ilishi qayd etib berildi, 300 nafar shaxsning tug‘ilishini qayd etish uchun tug‘ilganlik faktini belgilash yuzasidan sudga ariza kiritildi. 11 796 nafar shaxsga tug‘ilganlik haqida takroriy guvohnoma berildi, ya’ni hujjatini yo‘qotib qo‘ygan fuqarolarga ular tiklab berildi.
10 314 ta qonuniy nikohdan o‘tmasdan birga yashayotgan shaxslarning nikohi qayd etildi. 3 246 nafar shaxsning o‘limi muddati o‘tib qayd etildi. 749 nafar shaxsning o‘lim faktini belgilash yuzasidan sudga ariza kiritildi, 4 21 nafar shaxsning o‘limi haqida takroriy guvohnoma berildi. 11 357 nafar fuqaroga ID-karta rasmiylashtirildi. 29 118 ta tadbirkorlik sub’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 15 312 ta tadbirkorlik sub’yektlari qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. 24 480 ta ko‘chmas mulk obektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 123 362 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Huquqiy aksiya rasman to‘xtatilgan bo‘lsa-da, amalda har bir hududda, har bir mahallada, har bir muassasada davom etmoqda, deya xabar berdi Adliya vazirligi DXM va FHDYo organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi.