Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sentyabrdan boshlab Sharof Rashidov, Paxtakor, Do‘stlik va Mirzacho‘l tumanlarini Jizzax shahri bilan bog‘lovchi “Irjar – Do‘stlik – Jizzax” yo‘nalishida teplovoz qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada ushbu tumanlardagi 450 ming aholini shaharga qatnashida yengillik yaratiladi.
Viloyatdagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, joylarda bog‘cha va maktablar qurish, Jizzax shahridagi tibbiyot muassasalari va ko‘priklarni ta’mirlash chora-tadbirlari yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Umuman, Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan hudud va tarmoqlar rahbarlarining hisoboti tinglandi, viloyat faollari bilan muloqot bo‘ldi.