Hayit kunida jamoat transporti butun respublikada bepul bo‘lmaydi – Transport vazirligi

O‘zbekiston 13:45 / 09.04.2024 7253

8 aprel kuni hukumat yig‘ilishida berilgan ma’lumotga tayanib, 10 aprel Ramazon hayiti kunida respublikadagi barcha jamoat transporti 4:00 dan 10:00 gacha bepul qilinishi xabar berilgandi.

Ammo Transport vazirligi kunning bu vaqtlarida faqat Toshkent shahridagi avtobus hamda metrolar yo‘lovchilarga tekin xizmat ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatovning Kun.uz’ga aniqlik kiritishicha, butun respublikada jamoat transportining bepul bo‘lishi tavsiyaviy xarakterga ega.

Chunki Toshkent shahridan boshqa hududlarda yo‘lovchi tashish xizmati bilan xususiy sektor, tadbirkorlar shug‘ullanadi. Ularning hammasi bu [tashabbus]ga rozi bo‘ladimi yoki yo‘q, buni aniq bilmaymiz. Bugundan [9 apreldan] hududiy boshqarmalarimiz ishlashni boshlaydi, qaysidir tadbirkor rozi bo‘lsa, uni boshqarmalarimiz e’lon qilib boradi”, – dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, poytaxtda davlat tashkilotlari, ya’ni “Toshshahartransxizmat” va Toshkent metropoliteni ishlagani uchun faqat poytaxt kesimida yo‘l haqi bepul bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, bayram munosabati bilan 9 aprel kuni soat 17:00 dan 10 aprel kuni soat 17:00 gacha Toshkent shahriga yuk avtomobillari kirishi va harakati to‘liq cheklanadi.

Ko‘proq yangiliklar: