Dastur doirasida bank ta’sischiligida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi” va Jamg‘arma tarkibida xududlarda 14 ta “Kichik biznesga ko‘maklashish xududiy markazlari” tashkil etildi.
Nukus shahrida “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Markazda kichik biznes loyihalarini tanlash, tashabbuskorlarni o‘qitish, moliyalashtirish, axborot bilan ta’minlash, biznes rejalar va texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, bozor topish bilan bog‘liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar va jurnalistlar Markazda yaratilgan shart-sharoitlar, loyihalarni tanlab olish va ishtirokchilarni o‘qitish tartibi bilan tanishdilar.
Joriy etilgan yangicha tartibga muvofiq, biznes loyihalarning tashabbuskorlari “Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari” tomonidan tanlab olinadi va ular biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishida qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan tashabbuskorlar imtiyozli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanadi. Dastur ishtirokchilari uchun 9 turdagi moliyaviy instrumentlar, 6 ta yangi kredit va lizing mahsulotlari va 12 ta yo‘nalishda konsultativ qo‘llab-quvvatlash xizmatlari joriy qilingan.
“Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan elektron platforma – “Biznes portal” ishga tushirilgan. Fuqarolar va tadbirkorlar portalda onlayn ariza berish orqali Dasturda ishtirok etishlari mumkin.
Ayni vaqtgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 1159 ta tashabbuskor “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi”dagi o‘quvlarda qatnashib, test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Shundan 944 ta tashabbuskor o‘qishni tugatib sertifikat oldi.
694 ta kichik biznes sub’yektlariga 60 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.
Bank axborot xizmati