Rossiyaning shakar eksportiga taqiqi O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi - Qishloq xo‘jaligi vazirligi

O‘zbekiston 21:50 / 08.04.2024 7896

Avvalroq Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirligi 2024 yilning 31 avgustigacha shakar eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Bu xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda shakar narxi oshishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar tarqatilgan.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi shakar eksportiga Rossiya tomonidan joriy etilgan ushbu taqiqni sharhlab o‘tdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning shakarga bo‘lgan yillik ehtiyoji 700 ming tonnani tashkil etadi.

«O‘zbekistonda shakar mahsulotiga bo‘lgan yillik talab o‘rtacha 650-700 ming tonnani, shundan aholi iste’moli uchun (aholi soni 36,8 mln kishi, tibbiy me’yor bo‘yicha 1 kishiga 9,1 kg/yil) 335 ming tonnani va oziq-ovqat sanoati korxonalari talabi uchun 300-350 ming tonnani tashkil etadi», deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘zbekiston shakar bozorida Rossiya shakarining ulushi juda kam. O‘zbekistonga olib kirilayotgan shakarning 98 foizi Braziliya va Hindistondan keltiriladi.

2023 yilda bu ikki davlatdan O‘zbekistonga 762 ming tonna shakar olib kirilgan.

Respublikada faoliyat yuritayotgan «Angren shakar» va «Xorazm shakar» MChJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ko‘p bo‘lib, bu ichki bozorni talabidan ortig‘i bilan ta’minlashga yetarlidir. Ushbu korxonalar tomonidan 2023 yilda 600 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarildi.

Shuningdek, 2023 yilda shakar importi 150 ming tonnani tashkil etib, nafaqat Rossiyadan, balki Pokiston, Qozog‘iston, Tayland, Hindiston va boshqa mamlakatlardan ham shakar import qilinmoqda.

Shuningdek, vazirliklikning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi ikkita shakar zavodida kuniga 2,1 ming tonna shakar ishlab chiqariladi.

«Bugungi kunda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2100 tonna mahsulot chiqarilayotgan bo‘lib, shakar ko‘pligidan uning atigi o‘rtacha 300 tonnasi sotilmoqda, xolos. Shakar sotilmayotganligi natijasida korxonalar bozor bahosidan ham past narxga taklif qilmoqda», deyiladi bayonotda.

Bugungi kunda ichki bozorda shakarning o‘rtacha chakana narxi kilogrammiga 13,8 ming so‘mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 2,8 foizga oshgan.

«Mamlakatimiz xalqini turli darajada hayajonlantiradigan va vahimaga tushishiga olib keladigan axborotlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishiga asos bo‘ladi», — deyilgan bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: