Qozog‘istonda suv toshqinlari tufayli kuydirgi qabristonlari ochilib ketdi

Jahon 22:58 / 08.04.2024 60754

Qozog‘istonda suv toshqinlari oqibatida kuydirgi bilan kasallangan qoramollarning qabristonlari ochilib ketdi. Ularning ko‘pchiligi Sirim viloyatida joylashgan. 

Kuydirgi qo‘zg‘atuvchisi tuproqda omon qolishi mumkin, shuning uchun endi chorva mollarga yuqish xavfi mavjud. Bu haqda viloyat veterinariya-sanitariya xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Nurqayir Qusaynov ma’lum qildi. 

«Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hududlarda hayvonlarning xavfli yuqumli kasalliklarining oldini olish maqsadida barcha chorva mollari veterinariya xizmati nazorati ostida bo‘ladi», dedi u. 

Unga ko‘ra, qabristonlari suv bosgan hududlardagi barcha hayvonlar kuydirgiga qarshi emlanadi.  

Qusaynovning qo‘shimcha qilishicha, suv toshqini oqibatida 219 bosh qoramol, 1552 bosh qo‘y-echki, 54 bosh ot, 97 bosh cho‘chqa va 119 bosh parranda nobud bo‘lgan. Viloyat hokimligi va veterinariya xizmati o‘lgan chorva mollar jasadini yo‘q qilish bilan shug‘ullanmoqda. 

Qozog‘istondagi suv toshqinlari so‘nggi 80 yildagi eng yirik tabiiy ofatga aylandi. Mamlakatning o‘nta hududida favqulodda holat e’lon qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: