Yaponiya hukumati «Rossiya sanoat infratuzilmasini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan» 164 turdagi tovarlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqladi. Bu haqda 5 aprel, juma kuni Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi ma’lum qildi. Yangi sanksiyalar Yaponiyaning Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga so‘nggi javobi bo‘lib, ular 17 apreldan kuchga kiradi. Bundan tashqari, 10 maydan boshlab Tokio Rossiyadan nosanoat olmoslar importini taqiqlaydi.
Rossiyaga olib kirish taqiqlangan Yaponiyada ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxati turli xil suv transportini o‘z ichiga oladi - masalan, burg‘ilash va resurslarni qazib olish uchun suzuvchi platformalar, o‘t o‘chirish kemalari, yaxtalar. Shuningdek, litiy-ionli akkumulyatorlar, avtomobillar uchun motor moylari, qimmatbaho metallar, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar eksporti ham taqiqlangan. Taqiq po‘lat mahsulotlari, jumladan, neft va gazni tashish uchun mo‘ljallangan quvurlar, elektr jihozlari va uning qismlari, isitish qozonlari, elektr asboblari, silliqlash mashinalari va yog‘ochni qayta ishlash uskunalariga ham ta’sir qiladi.
Ukrainani qo‘llab-quvvatlash - yapon hukumatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri
Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida 25 fevral kuni G7 onlayn-sammiti chog‘ida Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hozirda Ukraina bilan birdamlik ko‘rsatish muhim, chunki jang maydonlarida vaziyat og‘ir va jangovar harakatlar cho‘zilib ketdi. Yaponiya bosh vaziri Ukrainani qo‘llab-quvvatlash vazirlar mahkamasining bu yilgi ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishiga ishontirdi.
Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari tufayli Yaponiya sanksiyalari Rossiyadan bo‘lgan 1 mingdan ortiq odam va 120 dan ortiq tashkilotga ta’sir ko‘rsatmoqda.