Toshkentda mozaikani to‘sib turgan reklama banneri olib tashlandi

O‘zbekiston 18:08 / 06.04.2024 9843

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Madaniy meros agentligining talabi bilan, Toshkent shahri Mirobod ko‘chasida binodagi mozaikani to‘sib turgan reklama banneri olib tashlandi. Bu haqda jamg‘arma matbuot xizmati xabar berdi.

Reklama bannerining demontaj qilinishi – o‘tgan hafta qabul qilingan hukumat qarori bilan mozaika kompozitlari madaniy meros obektlari ro‘yxatiga qo‘shilgani bilan bog‘liq.

“Vazirlar Mahkamasining 154-son qaroriga muvofiq, mozaikali binolarga reklama bannerlarini o‘rnatish taqiqlanadi”, – deyiladi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabarida.

“Agar siz milliy ro‘yxatga hali kiritilmagan mozaika yoki pannolar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, marhamat, mosaic@acdf.uz elektron pochtasi orqali xabar bering”, – deya ta’kidlagan jamg‘arma.

Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga monumental san’at yodgorliklari sifatida Toshkent va boshqa shaharlardagi 157 ta mozaik panno qo‘shilgan edi.

Bu pannolar joylashgan binolar, ularning muhozafa hududlari va ularga tutash hududlarda rejalashtirilgan har qanday qurilishlar uchun Madaniya meros agentligining xulosasi olinishi sharti belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: