Bugun sovet davrida loyihalashtirilgan va tayyorlangan samolyotlarning aksariyati ishlab chiqarilmaydi. Buning sabablari juda ko‘p. SSSR parchalangach ittifoqdosh respublikalarda joylashgan korxonalar o‘rtasida aloqalar uziladi.
SSSRda 1960-70 yillarda ishlab chiqarilgan samolyotlar uzoq yillar davomida yangilanmaydi. Oqibatda 1990-yillarga kelib ular xalqaro talablarga javob bermay qo‘yadi.
Ayniqsa, sovet samolyotlariga o‘rnatilgan dvigatellar ishonchsiz, shuningdek, ularning shovqini juda baland edi. O‘sha paytlarda G‘arbda tayyorlangan shovqini past va sifatli dvigatellar Yevropadagi Airbus konsorsumi va AQShning Boeing kompaniyasidan ortmasdi.
Ana shunday sharoitda Rossiya SSSR davrida ishlab chiqarilgan samolyotlarning aksariyatini mukammallashtira olmadi. Faqat bir necha turdagi samolyotlarning yangilangan modellarini tayyorlay olishdi xolos.
Ular orasida asosan hukumat vakillari va Rossiya prezidentiga xizmat qilgan Il-96 samolyoti ham bor.
Il-96 loyihasi tarixi
1970-yillarda SSSRdan uzoq masofalarga parvoz qilishda faqat Il-62 samolyotidan foydalanishardi. Bu samolyotga 168-186 nafar yo‘lovchi sig‘ardi va u keskin oshgan ehtiyojlarni qondira olmay qoladi.
Shundan so‘ng sovetlar keng fyuzelajli Il-86 samolyotini ishlab chiqarishadi. Biroq bu samolyot Il-62ga o‘xshab uzoq masofalarga ucha olmasdi. Shu sababli bu samolyot uncha ommalashmaydi va undan bor-yo‘g‘i 100 dona atrofida tayyorlashadi xolos.
1970-yillar o‘rtalarida Ilyushin konstruktorlik byurosi muhandislari Il-86 bazasida yoqilg‘i sig‘imi to‘ldirilganda 9 ming kilometrgacha parvoz qila oladigan yangi samolyot loyihasi ustida ish boshlaydi.
Loyiha avvaliga shartli ravishda Il-86D deb nomlanadi. Keyinroq Il-96 deb o‘zgartiriladi. Il-86 dan farqli ravishda Il-96 da qanotlar o‘lchami kattalashdi. Dvigatel quvvati oshiriladi.
Samolyotning sinov parvozi 1988 yil 28 sentabrda Moskvadagi aerodromda o‘tkaziladi. Uni taniqli uchuvchi Stanislav Bliznyuk boshchiligidagi ekipaj boshqaradi va parvoz 40 daqiqa davom etadi.
Keyingi sinov parvozida Il-96 Moskva – Petropavlovsk-Kamchatka yo‘nalishida to‘xtamasdan 14 800 km masofani uchib o‘tadi. Parvoz 18 soat davom etadi.
1992 yilda Il-96 Moskvadan AQShning Portlend shahriga yana Yakutsk va Toshkentga ham sinov parvozlarini amalga oshiradi. Samolyot Yakutskda -50 daraja sovuqda, Toshkentda +40 daraja issiqda sinovdan o‘tkaziladi. O‘sha yili uchuvchilar unga yaroqlilik sertifikatini beradi.
Samolyotdan foydalanish 1993 yilda boshlanadi. O‘sha yili 14 iyul kuni Aeroflotga tegishli Il-96 samolyoti Moskva – Nyu-York – Moskva yo‘nalishida birinchi tijoriy parvozni amalga oshiradi.
Shundan so‘ng yana bir nechta Il-96 foydalanishga topshiriladi va ular dunyoning turli shaharlariga parvoz qila boshlaydi.
1993 yilda Il-96-300 biroz takomillashtiriladi, fyuzelaj biroz uzaytiriladi va bu model Il-96M\T nomi bilan ishlab chiqariladi. 1997 yilda Il-96-400 modeli tayyorlanadi.
Il-96 samolyotlari asosan Voronejdagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlangan.
Il-96-300 ning texnik xususiyatlari
- Uzunligi – 55,3 metr (Il-96-400 64 metr);
- Qanotlar uzunligi – 57,6 metr (Il-96-400 60,1 metr);
- Salonning eni – 5,7 metr;
- Yo‘lovchilar sig‘imi – 300 kishi (Il-96-400 da 435 kishi);
- Maksimal tezligi – soatiga 900 km;
- Yoqilg‘i sig‘imi to‘ldirilganda parvoz qilish masofasi (to‘la yuk bilan) – 9 000 km (bo‘sh holda 15 000 kmgacha);
- Parvoz qilish balandligi – maksimal 12 000 km;
- Ekipaj soni – 3 kishi;
- Dvigatellar soni – 4 ta.
Fuqaro aviatsiyasidan foydalanilgan Il-96 samolyotlarida yo‘lovchilar uchun garderob, shuningdek, 7 ta hojatxona qilingan. Qishki mavsumda bir nechta o‘rindiq olib tashlanib, qo‘shimcha garderob qilingan.
Il-96 ning turli modellari
Il-96-300. Il-96 samolyotlarining dastlabki modeli shunday atalgan. Il-96 ning turli rusumlaridan umumiy hisobda 30 ta ishlab chiqarilgan va ulardan 20 tasi Il-96-300 samolyoti hisoblanadi. 2009 yilda Il-96-300 ishlab chiqarishdan olib tashlanishi aytilgan edi.
Il-96-300PU\PU(M1). Bu samolyot Il-96-300 bazasida Rossiya prezidenti uchun maxsus ishlab chiqarilgan rusum hisoblanadi. Undan jami beshta tayyorlangan.
Il-96-300PU samolyotining birinchisi 1995 yil Boris Yelsin uchun tayyorlangan. Putin uchun tayyorlangan ikkinchisi ilk bor havoga 2003 yilda ko‘tarilgan. Uchinchisi 2012 yilda, to‘rtinchisi 2013 yilda, beshinchisi 2015 yilda ilk bor parvoz qilgan.
Hozirgi paytda Putin uchun Il-96-300PU samolyotidan yana ikkita buyurtma berilgan. Ularning qachon tayyor bo‘lishi aniq emas.
Il-96-400. Bu samolyot Il-96 samolyotining takomillashtirilgan rusumi hisoblanadi. U Il-96-300 ga qaraganda 10 metrga uzunroq, qanoti ham biroz katta. Unga 435 nafar yo‘lovchi joylasha oladi.
Il-96-400T. Bu samolyot Il-96-400 samolyotining o‘zi. Faqat u yo‘lovchi emas, yuk tashish uchun moslashtirilgan. Il-96-400T ning dastlabkisi 1997 yilda tayyorlangan. 2007 yilda undan yana bitta ishlab chiqariladi.
Dastlabki ikkita Il-96-400T samolyotlaridan uzoq vaqt “Atlant-Soyuz” xususiy aviakompaniyasi foydalanadi (keyinchalik u nomini “Moskva aviakompaniyasi” deb o‘zgartirgan).
Aviakompaniya yana ikkita shunday rusumdagi samolyotlarni buyurtma beradi. Biroq moliyaviy muammolar tufayli xarid qila olmaydi. Ishlab chiqaruvchi ularni Mudofaa vazirligiga sotadi.
Il-96-400TZ. 2015 yilda Rossiya Mudofaa vazirligi ishlab chiqaruvchidan Il-96-400TZ deb nomlangan yana ikkita samolyotni buyurtma bilan oladi. Ular boshqa samolyotlarga havoda yoqilg‘i quyishga moslashtirilgan edi.
Shuningdek, yuk ortib yurishga mo‘ljallangan Il-96T transport samolyoti, 1990-yillar o‘rtalarida xorijliklar bilan hamkorlikda tayyorlangan Il-96MO, Il-96-400M kabi samolyotlardan bir donadan tayyorlangan.
So‘nggi yillarda rossiyalik aviasozlar yuk tashishga mo‘ljallangan Il-96-500 va Il-96-550 rusumli yo‘lovchi samolyotini tayyorlash ustida ish olib borishgan. Biroq ularning qachon foydalanishga topshirilishi aniq emas. Il-96-550 samolyoti avvalgi rusumlardan ham yirikroq bo‘lishi va unga 550-600 nafar yo‘lovchi sig‘ishi mumkinligi aytilgan xolos.
Putinning samolyotlari
Sovet davrida SSSR rahbarlari Nikita Xrushchyov va Leonid Brejnev Il-18 va Tu-114 samolyotlarida parvoz qilgan. Keyinchalik Il-62 ishlab chiqarilgach Brejnev, Yuriy Andropov, Konstantin Chernenko va Mixail Gorbachyov shu samolyotda parvoz qilgan.
SSSR parchalanib ketgach, Rossiyaga Boris Yelsin prezident bo‘ladi va u navbati bilan bir nechta samolyotlardan foydalanadi. Jumladan, Yelsin Il-62, Tu-154, Tu-134 va Tu-114 samolyotlarida parvoz qilgan.
Rossiya prezidentlari shu paytgacha jami beshta Il-96 samolyotlaridan foydalangan. Shundan to‘rttasi Putin uchun tayyorlangan. Dastlabkisi Il-96-300PU samolyotidan 1996 yilda Yelsin foydalana boshlagan.
2000 yilda Rossiyaga Putin rahbar bo‘lgach, 2003 yilda unga boshqa Il-96 tayyorlab beriladi. 2008 yilda prezidentlik Dmitriy Medvedevga o‘tgach, u Rossiya prezidenti foydalanadigan aviaparkni yana ikkita Il-96 bilan to‘ldirishini aytadi.
2012 yilda uchinchi, 2014 yilda to‘rtinchi Il-96 samolyoti Rossiya prezidenti aviaparkiga topshiriladi. 2015 yilda Putinga beshinchi Il-96 samolyotini taqdim etishadi.
2015 yilda Rossiya prezidenti uchun yana ikkita Il-96 samolyotlari buyurtma beriladi. Ular 2017 va 2018 yillarda foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq Putin va uning jamoasi bu samolyotlarni qabul qilib olgani haqida ma’lumot topilmadi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha ishlab chiqarilgan 30 ta Il-96 dan 14 tasi parvoz qilishda davom etmoqda. Ularning 11 tasidan rossiyaliklar, 3 tasidan kubaliklar foydalanishmoqda.
11 ta Il-96 foydalanuvdan chiqarilgan va ular turli joylarda saqlanmoqda. Ular orasida Kubaga sotilgan yana bitta Il-96 ham bor.
Uchta Il-96 metallolomga topshirilgan. Yana uchta samolyot ishlab chiqarish bosqichida. Hozircha ularning qachon foydalanishga topshirilishi aniq emas.
Turli yillarda Il-96 samolyotlarini ishlab chiqarib, Xitoy, Suriya, Zimbabve va Eron aviakompaniyalariga sotilishi haqida xabarlar chiqqan. Biroq keyinchalik turli sabablarga ko‘ra bu ishlar amalga oshmagan.
Il-96 samolyotlarining narxi oddiy rusumda 100 million dollarga narxlanadi. Ularga qo‘shimcha jihozlar o‘rnatilsa, narxi bundan ham balandroq bo‘ladi. Masalan, Putin foydalanadigan Il-96 qariyb 150 mln dollarga baholanadi.
Putin foydalanadigan samolyotlar “Rossiya” maxsus uchuvchi otryadi korxonasi hisobida turadi. Ularga FXX maxsus nazorati ostida texnik xizmat ko‘rsatiladi.
2021 yilda Putinning samolyotini boshqargan va unda ekipaj komandiri bo‘lgan Vladimir Popov prezidentni olib yuradigan Il-96 haqida gapirib bergandi.
Uning aytishicha, Putinni olib yuradigan Il-96 larda xavfsizlik yuqori darajada ta’minlangan. Samolyotlar radiolokatsion, radiotexnik, optik-elektron va vizual nazorat bilan ta’minlangan.
Shuningdek, sobiq uchuvchi Il-96 larda barcha uskunalar favqulodda vaziyatlar uchun ikkitadan, hatto ba’zi uskunalar undan ham ko‘p o‘rnatib chiqilganini aytgan. Ya’ni biri ishlamay qolsa, ikkinchisidan foydalaniladi.
“Prezidentni olib yuradigan Il-96 da to‘rtta dvigatel bor. Ularning ikkitasi ishdan chiqsa ham, qolgan ikkitasi kerakli balandlikka ko‘tarila oladi va belgilangan tezlikda parvozni davom ettiradi. Agar samolyot belgilangan balandlikda va tezlikda uchayotgan bo‘lsa, uchta dvigatel ishdan chiqqan taqdirda ham, qolgan bittasi yana 800 km masofani uchib o‘ta oladi va qo‘nadi”, deydi Popov.
Il-96 samolyotlari bilan sodir bo‘lgan noxush hodisalar
Birinchi hodisa. 2004 yil 5 oktyabr kuni Rossiya ommaviy axborot vositalari Putinni olib yuradigan Il-96 bilan sodir bo‘lgan avariya haqida yozib chiqadi. Unga ko‘ra, o‘sha yili 29 senyabr kuni Portugaliya poytaxti Lissabon shahridagi xalqaro aeroportdan havoga ko‘tarilayotgan Il-96 qushlar galasiga duch keladi.
Oqibatda qushlar samolyot dvigateliga shikast yetkazadi va Il-96 havoga ko‘tarila olmaydi. Shundan so‘ng uning parvozi bekor qilinadi. O‘shanda Putin samolyotda bo‘lmagan deyiladi.
Aslida bu hodisa haqida hech kim bilmasligi ham mumkin edi. O‘shanda samolyotlar parvozini foto va videoga oluvchi portugaliyalik spoter Migel Klaudio aynan Il-96 bilan sodir bo‘lgan hodisani kuzatgan va suratga olgandi. Uning xabaridan so‘ng Putinning samolyoti Lissabon aeroportidan parvoz qilayotganda favqulodda holga tushgani haqida barcha xabardor bo‘ladi.
Ikkinchi hodisa. 2005 yil 2 avgust kuni davlat tashrifi bilan Finlandiyaga borgan Putin orqaga qaytish uchun Turku shahri aeroportida turgan Il-96 ga chiqadi. Biroq texnik muammolar tufayli samolyot parvoz qila olmaydi.
Shundan so‘ng Rossiyadan zaxirada turgan Il-62 chaqiriladi va shu samolyot Putinni Rossiyaga olib qaytadi. Keyinchalik Il-96 ning tormoz tizimi ishdan chiqqani va bu muammo boshqa Il-96 larda ham borligi oydinlashadi.
Shundan so‘ng Rossiyada Il-96 samolyotlari parvozi bir muddat taqiqlanadi. Finlandiyadagi samolyotni Rossiyaga qaytarib olib kelish uchun Rossiyada Il-96 ning tormoz tizimi tayyorlanadi. So‘ng ehtiyot qismlar Finlandiyaga olib borilib, samolyot tuzatiladi va Rossiyaga olib kelinadi. Boshqa Il-96 larning tormoz tizimi ham juda katta mablag‘ hisobiga almashtirib chiqiladi.
Uchinchi hodisa. 2014 yil 3 iyun kuni Moskvadagi Sheremetevo aeroportida texnik hududda turgan Il-96 yonib ketadi. Tekshiruvlarda yong‘in uchuvchilar kabinasidan boshlangani aniqlanadi.
Hodisa oqibatida narxi qariyb 150 mln dollar turadigan Il-96 butunlay yaroqsiz holga keladi. Uni metallni qayta ishlovchi korxonaga berib yuborishadi.
2023 yilda Rossiyada Il-96-400M yangi rusumdagi samolyot sinovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu samolyotda 370 yo‘lovchi o‘rni bo‘lishi aytildi. Hozircha Il-96-400M foydalanishga topshirilgani haqida ma’lumotlar yo‘q.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid: