O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Nodir Abduvaliyev va Sardor G‘iyosov bu holatlar jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, davlat tashkilotlarini tejamkorlikka chaqirgan.
Deputatlarga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti daromadlari 321,0 trillion so‘mni, xarajatlari 380,0 trillion so‘mni tashkil etdi. Bunda xarajatlar daromadlardan 59 trillion so‘mga ko‘p bo‘lib, budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,5 foizga yetgan va joriy yilda budjet mablag‘lari hisobidan barcha sohalarda ko‘plab muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatdagi amaliy vazifalarni bajarish rejalashtirilgan.
O‘zLiDeP deputatlari bu vaziyatda bo‘yicha ayrim vazirlik va davlat tashkilotlari narxlari yuqori bo‘lgan avtotransport vositalarini xarid qilish uchun mablag‘lar sarflayotganini keskin qoralagan.
“Masalan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan 444 mln so‘mga bir dona «BYD SONG PLUS» avtotransport vositasini,Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan 504 mln so‘mga premium-klassdagi «BYD HAN»avtomobilini hamda Oliy Sud tomonidan 1,5 mlrd so‘mga «yo‘ltanlamas» «Toyota Land Cruiser 300» avtomobilini va boshqa ayrim tashkilotlar ham shu kabi avtotransport vositalarini xarid qilishayotgani shular jumlasidandir.
Xorijiy mamlakatlarda vazirliklar rahbarlari o‘zlarining xalq xizmatidagi davlat xodimi ekanligini bildirish, o‘zining xalqqa yaqinligini ko‘rsatish maqsadida qimmatbaxo xizmat avtomobillari o‘rniga jamoat transporti va velosipedlarda ishga kelishni afzal bilishmoqda.
Keng jamoatchilik tomonidan vazirlik va idoralar mablag‘larni sarf qilishda birinchi navbatda hududlardagi, jumladan mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni xal etishga, amalga oshirilayotgan islohotlarni har bir xonadonga yetib borishini ta’minlashga e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlanmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xalq vakili sifatida, budjetdan mablag‘ oluvchi vazirlik, idora va tashkilotlarni budjet mablag‘larini sarflashda tejamkorlikka amal qilishlariga, foydalanishdagi avtotransport vositalari mavjud bo‘lgan holda mazkur maqsad uchun xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz” deyilgan xabarda.