ROMA – LATsIO (6 aprel, 21:00)
Rim derbisi turnir jadvali va jamoalarning ayni paytdagi ahvolidan qat’i nazar murosasiz va katta voqea bo‘lishi sir emas. Hozir esa qo‘shimcha tarzda, har ikki jamoa Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun da’vogarlik qilmoqda. Yevrokuboklar reytingida Italiya hozirda peshqadam bo‘lib turibdi va katta ehtimol bilan shunday saqlanib qolsa kerak. U holda «A Seriya»dan besh jamoa yangi formatdagi Chempionlar Ligasida qatnashadi. «Roma» hozirda 52 ochko bilan 5-o‘rinni egallab turibdi. «Latsio» bilan oradagi farq olti ochko, katta masofa, ammo agar «Latsio» bu o‘yinda g‘olib keladigan bo‘lsa, 3 ochkogacha qisqarishi mumkin. Bu esa «Latsio»ning ham yo‘llanma uchun kurashga qo‘shilishini anglatadi.
Agar keyingi taqvimga e’tibor qaratsak, «Latsio»da qiyin raqiblar deyarli yo‘q. So‘nggi turlarda «Inter» bilan o‘yin bor, ammo o‘shanda milanliklar katta ehtimol bilan chempionlik masalasini hal qilib qo‘ygan bo‘ladi. «Roma»ning taqvimi esa aksincha, «Atalanta» ham bor, «Yuventus» va «Napoli» ham bor. Buning ustiga de Rossi shogirdlari Yevropa Ligasida ham kurashni davom ettirmoqda. Demak «Roma» va «Latsio» o‘rtasidagi sirtqi kurash endi boshlanyapti, derbi esa mana shu raqobatning debochasi bo‘ladi.
So‘nggi Rim derbilariga qaralsa, oxirgi to‘rt o‘yinda «Roma» g‘alaba qozonish tugul, raqib darvozasiga gol ham ura olmayapti. O‘tgan yili har ikki o‘yinda ham «Latsio» 1:0 hisobida ustun kelgan, birinchi davradagi o‘yinda hisob ochilmagandi. Mamlakat kubogi doirasidagi o‘yinda esa «Latsio» yana 1:0 hisobida yutib, hamshaharini turnirdan chiqarib yuborgandi. Qizig‘i, de Rossi kelganidan buyon har o‘yinda gol urib kelgan «Roma»da ham so‘nggi uchrashuvlarda muammolar paydo bo‘ldi, «Lechche» bilan o‘yinda ham golsiz durang qayd etildi masalan.
Sardor Ozmun nominal mezbonlar safida maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Evan Ndika «Lechche» bilan o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasini oldi va diskvalifikatsiya tufayli derbida o‘ynamaydi. «Latsio» tarkibida maydonga tusha olmaydigan nomlar ko‘proq, ammo o‘yin taqdirini hal qiladigan asosiy futbolchilar emas. Faqat darvozabon Provedel hali tiklanib ulgurmaganini aytish mumkin, lekin «Latsio» bir oydan beri usiz maydonga tushmoqda. Shuningdek, Ladzari, Dzakkani, hamda Rovellalar jarohat tufayli derbida qatnasha olishmaydi.
BRAYTON – ARSeNAL (6 aprel, 21:30)
Chempionlik uchun kurashayotgan uch jamoa ichida «Arsenal»ning taqvimi biroz qiyinroq ekanini aytish mumkin. Buning ustiga, kelasi haftadanoq Chempionlar Ligasi chorak finali, «Bavariya» kutib turibdi. «Arsenal» shu paytgacha, barqarorlik borasidagi sinovlardan o‘tib kelgan bo‘lsa, endi yanada og‘irroq davr kutib turibdi. Aprelning qolgan 24 kuni ichida 7 ta top uchrashuv. «Brayton»dan keyin ikki marta «Bavariya», shuningdek, «Aston Villa», «Tottenhem», «Chelsi» va «Vulverhempton» bilan o‘ynashi kerak. Artetaning murabbiylik faoliyati davomidagi eng muhim oy.
Buning ustiga «Brayton» «Arsenal» uchun juda noqulay raqib. O‘tgan mavsumda chempionlik uchun kurashayotgan «Arsenal» o‘z maydonida de Dzerbi shogirdlariga 0:3 hisobida boy bergan va qolgan kichik ehtimoldan ham mahrum bo‘lgandi. Avvalgi mavsumda esa «Brayton» xuddi shu shaklda «Arsenal»ning Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashida qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Orada Liga kubogi o‘yinida «Brayton» yana «Emireyts»da 3:1 hisobida g‘alaba qozonganiga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Jamoa yevrokuboklar uchun kurashdan hali chiqib ketmagani, hatto «Enfild»da «Liverpul» bilan tengma teng o‘ynaganini ham e’tiborga olsak, «Arsenal»ga bugun oson bo‘lmasligi tabiiy.
Yana bir qiziq fakt. «Brayton» barcha musobaaqlarda 14 o‘yindan beri o‘z maydonida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti. «Arsenal» esa safar o‘yinlaridagi natijalar bo‘yicha ligada eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Demak qaysidir an’ana bugun buzilishi kerak bo‘ladi.
Tarkibdagi holatlar bo‘yicha qarasak, «Brayton»da bir qator yetakchi futbolchilar maydonga tusha olmaydi. Solli March, Mitoma kabi futbolchilar, ayniqsa, katta o‘yinlar tajribasi bo‘yicha Milnerning ham o‘rni bilinsa kerak. Shuningdek, Fergyusonning ham maydonga tushishi so‘roq ostida. «Arsenal»da yo‘qotishlar yo‘q, lekin bor imkoniyatini ushbu o‘yinga tashlash ustunligi ham yo‘q, zero yuqorida aytilganidek, uch kun o‘tib «Bavariya»ga qarshi o‘ta muhim o‘yin ham kutib turibdi.
ATLeTIK – MALORKA (7 aprelga o‘tar kechasi, 01:00)
Qirollik kubogi finali mana shunday afisha hosil qilishiga albatta, bilbaoliklarning roli beqiyos. «Malorka» finalgacha «Sosedad», «Jirona» kabi jamoalarni mag‘lub etgani ham katta natija, ammo «Atletik» finallarning doimiy ishtirokchisi bo‘lib kelgan «Barselona» va «Atletiko»ni kurashdan chiqarib yubordi. Umuman «Atletik» so‘nggi yillarda Ispaniyada o‘ziga xos kubok jamoasi bo‘lib qoldi, oxirgi 15 yilda 5 marta finalda o‘ynadi, ikki marta superkubokni ham yutdi. Ammo o‘sha 1983/84 yildagi dubldan buyon g‘alaba qozonishning uddasidan chiqa olmayotgandi. Nihoyat qora an’anaga chek qo‘yishning ayni payti.
«Malorka» turnir jadvalida quyi pog‘onalarda yurgan bo‘lsa-da, albatta, finalda kuchsiz raqib bo‘lmaydi. Aynan «Atletik»ka qarshi o‘zaro o‘yinlarni e’tiborga olsak ham, jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 5 o‘yinning atigi bittasida «Atletik» g‘alaba qozona olgan xolos. Uch o‘yin durang bilan yakunlangan. Bundan tashqari, tarixan «Malorka» ham o‘z xolicha kubok jamoasi. O‘sha galaktikoslar paytida, 2002/03 mavsumida jamoa Ispaniya kubogida g‘olib chiqqandi. Oldinroq «Malorka» hatto UYeFA kubogi finaligacha borganini ham, u yerda «Latsio»dan 1:2 hisobida yengilganini ham katta yoshli muxlislar eslashsa kerak. Karlos Roa, Stankovich, Engonga kabi taniqli futbolchilar o‘sha «Malorka» safida to‘p surishgandi.
Tarkiblar borasida yo‘qotishlar «Atletik»da deyarli yo‘q. «Malorka» safida esa Martin Valent va Omar Maskarel kabi futbolchilar jarohat tufayli sheriklariga yordam bera olishmaydi.
MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL (7 aprel, 19:30)
Qariyb bir oy oldin jamoalar Angliya kubogi doirasida muxlislarga haqiqiy konsert uyushtirib bergandilar. «Old Trafford»da mezbonlarning 4:3 hisobidagi g‘alabasi qayd etilgan, ammo negadir, ko‘pchilikning nazdida ushbu o‘yinda hali hamma gaplar aytilmagandek tuyulgan. Albatta, ayniqsa, «Liverpul» uchun chempionatdagi o‘yin muhimroq, biror ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q, tabiiyki, avvalgi o‘yindagi kabi bo‘shashish, diqqatni jamlash muammolari kuzatilmasa kerak. «Manchester Yunayted» uchun esa konsert qo‘yish odatiy holga aylandi. Kuni kecha «Stemford Brij»dagi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng ten Xag shogirdlari ham bor imkoniyatini ushbu o‘yinga tashlashi shubhasiz.
Umuman «Liverpul» ushbu mavsumda faqat bir marotaba maydonni gol ura olmasdan tark etdi. U ham bo‘lsa, aynan «Manchester Yunayted»ga qarshi «Enfild»dagi uchrashuv. Tabiiyki, bu fakt mezbonlar foydasiga hech qanday ustunlikni isbotlamaydi, zero so‘nggi paytlarda «MYu» himoya chizig‘i bo‘yicha juda ko‘p pand yemoqda. Hozirda «MYu» nafaqat Angliya, balki butun kuchli beshlikda darvozasiga eng ko‘p zarba berilgan jamoa bo‘lib turibdi. Yana bir statistika, «MYu» qatnashgan o‘yinlarda 80-daqiqadan so‘ng eng ko‘p, 28 gol urilgan ekan. 14 marta «MYu», shuncha marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishgan. «Liverpul» 75 daqiqadan so‘ng gol urish bo‘yicha Yevropada eng yaxshi natijaga ega bo‘lib turibdi. Bunga agar «Liverpul»ning ham ochiq futbolga qarshi bo‘lmasligini va vertikal hujumlarda kuchli ekanini e’tiborga olsak, gollarga boy, hujumkor o‘yin kutishga haqlimiz.
«Yunayted»da o‘yin borasidagi muammolardan tashqari, kadrlar yetishmovchiligi ham davom etmoqda. Shou kelasi oyga qaytadi, Martines va Lindelof ham mashg‘ulotlardagi jarohat tufayli bir oyga safdan chiqqan. «Chelsi»ga qarshi o‘yinda maydonga tushgan ikki markaziy himoyachi jarohat tufayli almashtirildi. Katta ehtimol bilan «Liverpul» bilan o‘yinda Maguayrga sherik bo‘lib, 19 yoshli Kambvala o‘ynasa kerak. Erik ten Xag Varan va Evans borasida aniq gap aytamagan bo‘lsa-da, ularning tayyor bo‘lish ehtimoli katta emas. Shuningdek, Kazemironing almashtirilishi ham majburiy bo‘lgani aytildi, uning ham «Liverpul» bilan o‘yinda maydonga tushishi shubha ostida. «Liverpul» safida esa yangi jarohatlar yo‘q – Bekker, Jota, Matip, Bayjyetich, Alkantara va Trent ushbu o‘yinda sheriklariga yordam bera olishmaydi.
BOShQA O‘YINLAR
6 aprel. Kristal Pelas – MANCheSTeR SITI (16:30), MILAN – Lechche (18:00), Xaydenxeym – BAVARIYa (18:30), Union – BAYYeR (18:30), ASTON VILLA – Brentford (19:00), BORUSSIYa D – ShTUTGART (21:30), PSJ – Klermon (23:55)
7 aprel. Monsa – NAPOLI (18:00), Kalyari – ATALANTA (21:00), Sheffild – CheLSI (21:30), TOTTeNHEM – Nottingem Forest (22:00), YuVeNTUS – Fiorentina (23:45).