BBC rus xizmati va «Mediazona» nashri jurnalistlari ko‘ngillilar guruhi ko‘magida ochiq manbalarga asoslanib, 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlanganidan keyin halok bo‘lgan 50 016 nafar rossiyalik harbiyning ismini aniqladi. Bu haqda 5 aprel, juma kuni BBC rus xizmati xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tasdiqlangan yo‘qotishlarning qariyb 18 foizi mahbuslar, 13 foizi frontga ketgan ko‘ngillilar, 12 foizi safarbar qilinganlardan iborat. Halok bo‘lganlar orasida kamida 3354 ofitser, shu jumladan 1016 nafar elita qo‘mondonlik darajasidagi mutaxassislar ham bor. Shu tariqa, BBC ta’kidlashicha, halok bo‘lganlar kamida 43 foizi Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlanishida armiyaga aloqador bo‘lmagan, ammo ularning haqiqiy soni 70 foizgacha yetishi mumkin.
BBC taqdim etgan jadvalga ko‘ra, 2022 yil kuzida safarbarlik e’lon qilinganidan beri halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni keskin oshgan, o‘sha yilning sentabrida 1000 dan sal ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil yanvarida 3000 ga yaqin harbiy o‘lgan.
2023 yilning kuzidan beri, Donetsk viloyatida Rossiya qo‘shinlarining hujumi fonida, RF armiyasi yo‘qotishlari haftasiga 550-600 kishini tashkil etyapti, deya ta’kidlaydi jurnalistlar. Bundan tashqari, BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan 2024 yil apreligacha bo‘lgan davrda qurbonlar soni o‘sish sur’ati Ukrainaga hujumning dastlabki 12 oyidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir yarim-ikki baravar yuqori bo‘lib qolmoqda.
MRB RF yo‘qotishlarini 315 ming kishiga baholamoqda
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Berns 30 yanvar kuni Amerikaning Foreign Affairs nashri uchun ruknida Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlarini 315 ming kishi atrofida baholagan edi.
«Mediazona» va BBC bu bahoga qo‘shildi: «Bir yarim yildan ortiq davom etgan kuzatishlar natijasida biz ochiq manbalar barcha harbiylar o‘limining yarmini aniqlashi mumkinligini angladik. Bu ko‘rsatkich ko‘p jihatdan mintaqa, yosh va ijtimoiy maqomga bog‘liq. Biz undan doimiy ravishda hisob-kitoblarda foydalanmaymiz. Ammo bu juda qo‘pol va taxminiy hisob-kitoblarga mos keladi: ijtimoiy tarmoqlarda topilgan 43 ming nekrolog bizga taxminan 80-90 ming real o‘limni beradi. Shunda ma’lum bo‘lishicha, qolgan 230 ming kishi yaralangan, bu o‘lganlar soni hisobga olinsa, bu haqiqatdan ham ko‘proq ko‘rinadi», deb ta’kidladi jurnalistlar.
RFda yangi safarbarlik va Xarkivga hujum haqidagi mish-mishlar
«Verstka» nashri 22 mart kuni Rossiya hukumatidagi manbalariga tayanib, yaqin kelajakda Ukraina bilan urushga yana 300 ming kishini yuborish rejalashtirilgani haqida xabar berdi. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, buning uchun ular zaxiradagi fuqarolarni jalb qilmoqchi, xizmat muddati tugaydigan chaqiriluvchilar esa shartnoma imzolashga «har qanday yo‘l bilan ko‘ndiriladi». Nashr manbalari bu harakatlarning barchasini «mobilizatsiya 2.0» deb atadi. «Verstka» shuningdek, Moskvada mudofaa korxonalari va budjet tashkilotlari o‘z xodimlari uchun bronni faol ravishda tashkil qila boshlaganiga e’tibor qaratadi.
OAV xabarlariga ko‘ra, Xarkivga hujum qilish uchun Rossiya armiyaga yangi qabul qilingan harbiy xizmatchilardan foydalanishi mumkin. «Meduza»ning Rossiya hukumati amaldorlari orasidagi suhbatdoshlari bu «juda ehtimoliy ssenariy» degan fikrga qo‘shildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xarkiv viloyati bilan chegaradosh va Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilayotgan Belgorod viloyati atrofida «sanitariya zonasi» yaratish zarurligini ma’lum qildi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Rossiyani Xarkivga hujum qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi va bu shahar RF uchun «halokatli» bo‘lishini va’da qildi.