G‘arb Armanistonga ko‘p millionlik grantlar va investitsiyalar va’da qildi

Jahon 08:48 / 06.04.2024 5691

5 aprel, juma kuni Bryusselda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Armaniston va G‘arb o‘rtasidagi keyingi yaqinlashuvni muhokama qildi. Ushbu uchrashuv 2023 yil 5 oktyabrda Granadada bo‘lib o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Ursula fon der Lyayyen YeI va Armaniston o‘rtasida «yangi ulkan hamkorlik dasturi», jumladan, «Armaniston iqtisodiyoti va jamiyatini kuchliroq hamda mustahkamroq qilish» uchun Yerevanga to‘rt yil davomida 270 million yevro miqdorida grantlar ajratiladigan rejani e’lon qildi. Ushbu mablag‘lar biznesni qo‘llab-quvvatlash, bozorlarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, Yevrokomissiya rahbari Qora dengiz elektr kabeli, Armanistonning qayta tiklanadigan energetika sektori va Gurjiston bilan aloqalarini yaxshilash kabi infratuzilma loyihalariga yangi sarmoya kiritishga va’da berdi. Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, YeI va Armaniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik allaqachon yarim milliard yevrodan ortiq investitsiyalarni jalb qilish imkonini berdi. 

O‘z navbatida, Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar Armaniston hukumatini boshqaruvi va iqtisodiy islohotlarga mos keladigan sa’y-harakatlariga sarmoya kiritayotganiga ishontirdi. Vashington Yerevanga budjet mablag‘lari hisobidan 65 million dollardan ortiq yordam berishni rejalashtirmoqda, bu avvalgi ajratilgan mablag‘dan 50 foizdan ko‘proqdir. AQSh Davlat departamenti rahbari Armanistonning demokratik va iqtisodiy barqarorligini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida ekanini ma’lum qildi. 

Pashinyan: Savdoni rivojlantirish vaqti keldi 

Nikol Pashinyan Armanistonning «o‘z xalqi manfaati uchun ishlaydigan yanada shaffof va fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat institutlarini» yaratish istagini ta’kidladi. «Armaniston Respublikasi kuchliroq, xavfsizroq va rivojlangan mamlakatni barpo etish uchun adliya va davlat sektoridagi islohotlarni ilgari surishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi, - dedi u. - Endi iqtisodiy hamkorligimizni mustahkamlash va savdoni rivojlantirish vaqti keldi». Pashinyan yangi bozorlarga chiqish va mamlakatdagi sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun Armaniston xususiy sektorining raqobatbardoshligini oshirish qat’iyati to‘g‘risida ma’lum qildi. Yerevan infratuzilmani modernizatsiya qilish, biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish va Tog‘li Qorabog‘dan qochqinlar integratsiyalashuvida g‘arblik hamkorlardan yordam kutmoqda.

Tog‘li Qorabog‘dan ko‘chib ketgan armanlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish ustuvorligi barcha yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qayd etildi. Ularga ko‘ra, G‘arb ular integratsiyasi va farovonligi uchun bundan ham ko‘proq narsani qilishga tayyor. 

Armaniston bosh vaziri, shuningdek, 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasiga muvofiq, bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olish asosida Ozarboyjon bilan munosabatlarni normallashtirish tarafdori ekanini ta’kidladi. 

YeI sanksiyalarini chetlab o‘tishga qarshi choralar 

Fon der Lyayyen Armanistonning Yevroittifoqning RFga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tishga qarshi ko‘rgan chora-tadbirlarini olqishladi, bu, xususan, «halokatli uskunalar va texnologiyalar Rossiya harbiylari qo‘liga tushmasligini ta’minlash uchun qilindi». «Bu YeI va Armanistonning qadriyatlari va manfaatlari tobora moslashib borayotganidan dalolat beradi», dedi Yevrokomissiya rahbari. 

Blinkenning ta’kidlashicha, AQSh ham, YeI ham mintaqa va dunyoga bog‘langan qo‘shnilari bilan tinchlikda yashovchi kuchli mustaqil davlatga aylanish yo‘lida Armanistonga sherik bo‘lishni xohlaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: