“Uyma-uy tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin” – Rossiyadagi musofirlar vaziyati qanday?

Jahon 17:43 / 05.04.2024 34875

Crocus City Hall”dagi teraktdan so‘ng, Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining mehnat muhojirlari, xususan Markaziy Osiyo davlatlariga mansub fuqarolarga nisbatan agressiv va shovinistik xarakterdagi reydlari ko‘paydi. Joylarda musofirlar kaltaklanib, hatto mahalliy aholi tomonidan pichoqlab o‘ldirish holatlari kuzatildi. Kun.uz ayni damdagi vaziyatni bilish maqsadida Rossiyada bo‘lib turgan huquqshunos Zarnigor Omonullayeva bilan suhbatlashdi.

“Crocus City Hall”da terakt bo‘lganiga 14 kun to‘ldi. Mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbek huquqshunosi Zarnigor Omonullayevaning aytishicha, Moskvada migrantlarga nisbatan bo‘layotgan agressiv, shovinistik xarakterdagi holatlar biroz kamaygan.

“Lekin migratsiya qonunchiligiga qat’iy, ba’zida mantiqsiz o‘zgartirishlar taklif qilinyapti. IIV xodimlarining uyma-uy tekshirish masalasi ko‘tarilib, bu yoqlandi. Bu degani endilikda har qanday o‘zining yashash manzili bo‘yicha yashamayotgan mehnat muhojiri Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkin”, – deydi Kun.uzʼga intervyu bergan huquqshunos.

Quyida to‘liq suhbatni o‘qib chiqishingiz mumkin.

22 martni eslay olasizmi, o‘sha vaqtda nimalarni ko‘rdingiz, kuzatdingiz? Dastlab shu haqda gaplashsak.

— Bu xabar [terakt sodir bo‘lgani] 22 mart kuni kechqurun soat sakkizdan so‘ng chiqdi. Bu vaqtda uyda edik, Krasnogorsk shahri bizga yaqin emas, oramizda 2 soatlik yo‘l bor. Yangiliklar chiqishni boshlagach, Migrant.uz sayti jamoasi bilan yangiliklarni yorita boshladik, deyarli 2 kun davomida shu ish bilan shug‘ullanib, migrantlarga tavsiyalarimizni berib turdik.

Teraktdan so‘ng kuchaytirilgan xavfsizlik choralari migrantlarga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Kuzatuvlarda ko‘proq salbiy munosabatlarni uchratyapmiz.

— Teraktgacha migrantlar orasida migratsiya qonunchiligi asosida reydlar bo‘lib turardi, lekin teraktdan keyin reydlar soni, qamrovi, tekshiruv darajasi keskin oshib ketdi. Oldin faqat qonunchilik doirasidagi kerakli hujjatlar tekshirilgan bo‘lsa, endi telefonlargacha tekshirish holatlari ko‘paydi. Yoki aeroportlarda, chegaralarda migrantlarga nisbatan savol-javob, tekshiruvlar ko‘paydi.

Kirib-chiqish jarayonida siyosiy, diniy qarashlar so‘rala boshlandi. Deylik, oldin 10 foiz migrantlar reydlarga tushgan bo‘lsa, hozir 50 foiz migrantlar to‘g‘ridan to‘g‘ri reydga tushib, tekshirilmoqda. Bungacha reydlar shaharlarda navbatma-navbat o‘tkazilgan bo‘lsa, teraktdan so‘ng yoppasiga barcha shaharlarda sezilarli tarzda qattiq reydlar o‘tkazilyapti.

Oldingi reydlarda ham migrantlarga nisbatan agressiv munosabatni kuzatar edik, teraktdan so‘ng bu tendensiya ortdimi?

— Bunday agressiv harakatlar yanayam kuchaydi. Shimoldagi, Sibir taraflardagi shaharlarda reydlar oddiy o‘tar edi, lekin bu voqeadan keyingi reydlarda qattiqqo‘llik kuzatila boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda hudud nozirlari migrantlar yashaydigan joyni bir nechta sheriklari bilan borib tekshirib, qo‘pol muomala qilganiga guvoh bo‘lyapmiz, bu to‘g‘rida shikoyatlar ham bor. Bunday holat bo‘yicha shikoyat qilishsa ham bee’tibor bo‘lingan holatlarni ham ko‘rdik.

Uylarga borib tekshirishganida ishlash ruxsatnomasi, ro‘yxatdan o‘tganlik hujjati bilan birga uyda kim yashashi, bungacha kimlar yashagani,uy egasi qayerdaligi, qayerda ishlashi, uyda qanchadan beri migrantlar yashashi, bo‘sh vaqtda nimalar qilinishi kabi shaxsiy savollar ham berilgan va bularning bari qo‘pol muomala bilan bo‘lgan. Aynan qo‘pollik, nafrat sezilib turgan bunday tekshiruvlarda. Ish joylardagi tekshiruvlarda ham ish beruvchining hujjatlari ham tekshirilib, migrantlarni devorga yuz burdirib, harakatlantirayotganda qo‘lini boshiga qo‘ydirib, mahbuslar kabi tekshiruvlar o‘tkazilgan. Umuman, bu tekshiruvlarda o‘ta qo‘ttiqqo‘llik, noinsoniylik sezilib turdi.

Holatdan keyin Rossiya jamiyatining musofirlarga munosabati qanday bo‘ldi? Tojikistonlik musofirni pichoqlashganini hisobga olsak, shovinistik kayfiyat avj olgani haqida xabarlar bor.

— Afsuski,salbiy munosabat bor. Ayniqsa Sankt-Peterburg shahrida bunday holat bo‘lgani haqida videolar chiqyapti. Shaxsan o‘zimga bu bo‘yicha murojaat qilishgani yo‘q, lekin salbiy munosabat borligi rost. Novosibirskda tojikistonlik maktab o‘quvchisi do‘pposlangani haqida video tarqaldi, jamoat joylari, transportlarda, pana joylarda slavyan yigitlari muhojir bo‘lgan boshqa millat vakillarini do‘pposlagani aks etgan videotasvirlar juda ko‘payib ketgan. Maktabda ham bolalar boshqa millatli o‘quvchilarga salbiy munosabatda bo‘layotgani haqida ota-onalar aytdi.

Rossiyada ikkita vatandoshimiz ahvol u darajada emas, internetda vahima bo‘lyapti, deyishdi. O‘zi Rossiyaning hamma joyida shunday munosabat bo‘lyaptimi yoki ma’lum viloyat-shaharlardami?

— Salbiy munosabat avj olishi teraktdan keyin 2 sutka davomida bo‘ldi. Keyin Rossiya prezidenti chiqishlarida millatlararo nizo bo‘lmasligi kerak, terakt uyushtirganlarning maqsadi ham shu, radikal o‘ng kuchlarning xohishiga qarab, millatlararo nizoga yo‘l qo‘ymaymiz, degan mazmunda gapirdi. Shundan keyin salbiy munosabat darajasi pasaya boshladi. Tergov tafsilotlari chiqishi, mavzu eskirib borish natijasida ham bunday munosabat kamayishni boshladi.

Ungacha 2 kun davomida qattiq nafrat bo‘ldi, migrantlar ko‘chaga ham chiqmay qo‘ydi. Do‘konlardagi migrant bo‘lgan sotuvchi-kassirlar qo‘pol munosabatlar ostida qolishdi, videoga olib qayerdan ekani, millati nimaligini so‘rash holatlari ham bo‘ldi. Shu ikki kun juda dahshatli munosabat bo‘ldi. Bu narsa pasayib boryapti. Lekin migratsiya qonunchiligiga qat’iy, ba’zida mantiqsiz o‘zgartirishlar taklifi berilyapti va bunday takliflar jamiyat tomonidan yoqlanyapti.

Rossiya prezidentining IIV xodimlari bilan uchrashuvida uyma-uy tekshirish masalasi ko‘tarilib, bu yoqlandi. Bu degani har qanday o‘zining yashash manzili bo‘yicha yashamayotgan mehnat muhojiri Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkin. Ijarada turuvchi hamma migrantlarga ham uy egasi uyiga ro‘yxatdan o‘tkazib bermaydi. Taxminimcha, endi yashash joyida ro‘yxatdan o‘tmagan muhojirlar chiqarib yuborilish uchun ro‘yxatga olinadi, buni bekor qilish uchun ishlash ruxsatnomasi asosida shikoyat qilish mumkin bo‘ladi, bu esa tizimga yuklama bo‘ladi. Barcha hujjatlari joyida, ko‘chada bemalol yurganlar reyd to‘lqinini sezayotgani yo‘q. Reydlar migrantlar ishlaydigan joylarda bo‘lyapti. Jamoat joylari, transportlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Hudud nozirlari uyma-uy tekshirishni boshlayapti yana.

Viza rejimi borasida-chi, juda ko‘p migrantlar bu borada qo‘rquvlarni bildirishyapti. Bu borada qanday fikrdasiz?

— Viza rejimini kiritish butun MDH davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvlarni qaytadan ko‘rib chiqishga sabab bo‘ladi. Bu narsani amalga oshirish kamida 2 yil vaqt oladi. Shu sabab hali-beri viza rejimini kiritish osonmas, mexanizmini hisobga olsak. Agar viza rejimi kiritilsa ham, viza bilan kelib ishlaydiganlar bor Rossiyada, MDH davlatlaridan tashqari boshqa davlat fuqarolari viza bilan kelib ishlaydi va buning unaqa ortiqcha qiyinchilik darajasi yo‘q.

Shunchaki ish beruvchi taklif qilish kerak, ish beruvchi taklifi asosida viza olinadi va kelinadi. Ya’ni bunaqa qo‘rqadigan darajadagi o‘zgarish emas. Viza rejimi kiritilsa, ish joyining kamayishiga ta’siri yo‘q. Aksincha, hamma viza bilan kelishi kerak bo‘lgani uchun ish beruvchilarda ishchi kuchi yetishmasligi kuzatiladi va tabiiyki, viza olish yoki viza uchun takliflar yuborish tartibi o‘z-o‘zidan soddalashtiriladi. Viza rejimi bo‘lishidan qo‘rqish kerak emas.

Harbiy chaqiriq borasida-chi? Ancha vaqt o‘tgandan keyin Putin maxsus hujjatni imzoladi, ya’ni harbiy chaqiriq bo‘yicha. Bu jarayonda musofirlarni ham tezkorlik bilan jalb etish holatlari yoki tavsiyalarni ko‘ryapsizmi?

— Mehnat muhojirlarini ommaviy ravishda harbiy chaqiriqqa jalb qilish holatlari yo‘q hozircha. Hozir yagona bor narsa: Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan buyon chaqiruvlar mavsumiy ravishda bo‘lib kelayotganida. O‘tgan yilgisining farqi oldingilarida 27 yoshgacha bo‘lgan bo‘lsa, chaqiruv yoshi endi 30 yoshgacha. Birinchi bahoriy mavsum 30 yoshgacha bo‘lgan Rossiya fuqarolarini harbiy chaqiruvga chaqirish boshlangan.

Lekin afsuski, boshqa ko‘rinishdagi holatlar bor. Rossiyada majburiy chiqarib yuborish ro‘yxatiga tushgandan keyin muhojirlar Migrantlarni maxsus saqlash markaziga joylanadi Ana shu markazda migrantlarga shu chiqarib yuborishni bekor qilish uchun harbiy shartnoma imzolasa bo‘ladi, deb bildirishnomalar berilayotgan holatlarni ko‘rdik. Qanday bo‘lgan: ya’ni Tojikiston fuqarosiga majburiy chiqarib yuborish jazosini bekor qilish uchun harbiy shartnoma imzolash taklif qilingan. Bu rasmiy hujjatda politsiya xodimining imzosi bilan «xohlaysanmi-xohlamaysanmi?» degan mazmunda tuzilgan rasmiy hujjat bo‘lgan. Bizdagi nusxada migrant «yo‘q, xohlamayman» deb qo‘l qo‘ygan, [harbiy shartnomaga] rozilik berganligiga oid hujjat bor-yo‘qligini bilmaymiz hozircha. Lekin shunday hujjatlar taklif etilayotganini bilamiz.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, o‘sha yerda turib kuzatayotgan inson va huquqshunos mutaxassis sifatida Rossiyaga bormoqchi bo‘lgan va o‘sha yerdagi vatandoshlarimizga qanday maslahatlar berolasiz?

— Birinchi tavsiyam: qonuniy yurish, ya’ni hujjatni kechiktirmaslik, o‘z vaqtida hujjatni qilish. O‘zbekiston, Tojikiston fuqarosi Rossiyaga keladigan bo‘lsa, patent rasmiylashtiradi, yashab turgan joyi bo‘yicha migratsiya qayddan o‘tadi va undan keyin patenti kuyib ketmasligi uchun har oy to‘lab boradi va patent olgan kunidan 60 kun ichida qayerda ishlash haqida IIO bo‘limiga bildirishnoma topshirib qo‘yishi kerak. Mana shu narsalarni kechiktirmaslikni, patentni o‘z vaqtida to‘lashni va umuman patensiz yurmaslikni tavsiya qilgan bo‘lardim, patenti bor mehnat muhojiri hozirgi reydlardan ham qo‘rqmasa bo‘ladi.

Chunki telefon tekshirilganda ham noqonuniy qandaydir saytlarga, Rossiyada taqiqlangan manbalarni kuzatish kabi holati bo‘lmasa, brauzerlari toza bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlardagi obuna bo‘lgan joylari, «layk» qo‘ygan sahifalari — hammasi yaxshi bo‘lsa, taqiqlanmagan bo‘lsa, unda Rossiya qonunchiligi bo‘yicha migrantning qo‘rqishga sababi yo‘q. Hujjati joyida bo‘lsa, qandaydir anglashilmovchilik bilan yoki texnik xato bilan yoki biror xodimning qonunchilikni yaxshi bilmaganligi oqibatida taqiq qo‘yish yoki chiqarib yuborishni ham patent asosida bekor qilsa bo‘ladi. Shuning uchun umuman hujjat masalasini kechiktirmaslikni va bu narsaga beparvo bo‘lmaslikni tavsiya qilardim.

Ikkinchi tavsiyam: telefonni, internetni toza saqlash. Qanaqa saytga kiryapti, nimaga «layk» bosyapti — shunaqa narsalarga ehtiyot bo‘lish kerak. Rossiya siyosati, terakt bo‘yicha izohlar qoldirmaslikka, migrantlarni yomonlagan post, izohlarga qarshi yozaman deb qandaydir konfliktlarga aralashib qolmaslikni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: