Toshkent xalqaro aeroporti rekonstruksiya qilinishi yuzasidan cheklovlar joriy etildi

O‘zbekiston 19:09 / 05.04.2024 4381

Toshkent aeroporti hududida mavjud terminalni kengaytirish maqsadida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Shu munosabat bilan xavfsizlikni ta’minlash va odamlarning to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida terminal hududida bir qator cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Qayd qilinishicha, avtotransport vositalari, jumladan, taksilar va sayyohlik avtobuslari kirishi uchun xalqaro terminal avtoturargohi yonida yo‘lovchilarni tushirish/olish uchun alohida yo‘lak ajratilgan. Ushbu yo‘lakda yo‘lovchilarni tushirish 10 daqiqadan oshmasligi lozim. Uzoqroq vaqt to‘xtash lozim bo‘lsa, avtoturargohdan foydalanish kerak.

Shuningdek, rekonstruksiya ishlari munosabati bilan kuzatuvchilarning Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish zaliga kirishi vaqtincha cheklangan. Istisno tariqasida, homilador va bolali ayollar, qariyalar va nogironlar hamrohligidagi shaxslarga terminal ichiga kirishga ruxsat etiladi. Ular shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi lozim.

Asosiy uchib ketish terminali oldidagi birinchi qavat qurilishini o‘z ichiga olgan bosqich 2024 yil iyun oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: