Hozir dunyoning qator davlatlarida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha murakkab epidemik vaziyat saqlanib qolyapti, deb ma’lum qildi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi.
Qo‘mitaga ko‘ra, o‘lat, vabo, sariq isitma, virusli gemorragik isitmalar, parranda grippi va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning respublika hududiga chetdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalmasligi uchun profilaktik tadbirlar olib borilyapti. Shunga qaramay, o‘tgan yillarda aholi o‘rtasida quturish, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kabi kasalliklar ro‘yxatga olingan. Sanepidqo‘mita yuqumli kasalliklardan himoyalanish qoidalarini aholiga eslatdi.
Quturish kasalligining oldini olishda hududlarda obodonlashtirish tashkilotlari qoshidagi daydi hayvonlarni ovlash guruhlari tomonidan daydi hayvonlar, ayniqsa it va mushuklar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur. Egasi ma’lum bo‘lgan it va mushuklarning egalari tomonidan ularni saqlash qoidalariga amal qilishlari, ularni o‘z vaqtida veterinariya idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazib, quturish kasalligiga qarshi emlatishlari talab etiladi. Fuqarolardan hayvonlarning tishlashi natijasida olgan har qanday jarohatlarni o‘zboshimchalik bilan davolashga harakat qilmasdan, turar joyi bo‘yicha tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan holda o‘rnatilgan tartibga ko‘ra kerakli muolajalarni olishi zarur, ayniqsa bunda quturishga qarshi emlashni olish ahamiyatli.
Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligini yuqtirib olmaslik uchun qoramollar tanasidagi kanalarni qo‘llar bilan terib olmaslik, qo‘l bilan ezib o‘ldirmaslik, kana qoni bilan teri ochiq joyining ifloslanishiga sabab bo‘lmaslik o‘ta muhim qoida sanaladi. Agar qoramollarda kana aniqlansa, darhol veterinariya xodimlariga murojaat qilish, ularning tavsiyasi asosida qoramollar, ularni parvarishlash joyida kanaga qarshi ishlov berish kerak. Bu kasallikka chalingan bemorlarni parvarishlashda o‘ta ehtiyotkorlik talab qilinadi, zaruriyat bo‘lganda faqat maxsus himoya kiyimlari kiygan holda muloqot qilishga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Kuydirgi kasalligidan himoyalanishda uyda parvarishlanayotgan, biror bir kasallik alomatlari bo‘lgan qoramollar bilan bevosita aloqada bo‘lmaslik zarur va bunday hollarda zudlik bilan hududdagi veterinariya vrachiga xabar berish kerak. Eng muhimi uyda parvarishlanayotgan qoramollarni o‘z vaqtida kuydirgi kasalligiga qarshi emlatish zarur. Qoramollarni zaruriyatga ko‘ra so‘yishdan oldin, albatta, veterinariya mutaxassisi ko‘rigidan o‘tkazish shart. Bozorlardan go‘sht va go‘sht mahsulotlari xarid qilishda, albatta, veterinariya ko‘rigidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligiga e’tiborli bo‘lish lozim. Kasallangan qoramollar bilan muloqotdan yoki uning majburiy so‘yilishda ishtirok etganidan so‘ng yoki go‘sht va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlashdan so‘ng tanangizda (ko‘proq terining ochiq joylarida) noma’lum, og‘riqsiz yaralar paydo bo‘lsa, zudlik bilan tibbiyot muassasasiga murojaat qilishingiz va kerakli tekshiruvlardan o‘tishingiz talab qilinadi, zinhor bunday yaralarni o‘zboshimchalik bilan davolashga harakat qilmaslik kerak.
Brusellyoz kasalligini yuqtirmaslik uchun kasallikda gumon qilingan chorva hayvonlarini darhol boshqa chorva mollaridan ajratish va veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib, keyin go‘shtga topshirish zarur. Qolgan chorva hayvonlarini veterinariya ko‘rsatmasiga ko‘ra brusellyozga qarshi emlash lozim. Termik ishlov berilmagan sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilmaslik kerak. Brusellyoz kasalligining eng noxush asoratlaridan biri bu – bepushtlik ekanini unutmasligimiz lozim.
Vabo kasalligining oldini olishda ochiq suv havzasidan olingan va qaynatilmagan suvni iste’mol qilmaslik eng muhim omil hisoblanadi. O‘zingizda o‘tkir diareya holatini (oshqozon–ichak funksiyasining buzilishi) kuzatsangiz, zudlik bilan o‘z hududingizdagi tibbiyot muassasasiga murojaat qilish shart. Chet mamlakatlarga safar paytida xar qanday iste’mol qilinayotgan mahsulotning tozaligiga, ishonchligiga va sifati kafolatlanganiga e’tiborli bo‘lish zarur.