Rossiyada sud dissident Skobovni 1 iyungacha hibsga oldi

Jahon 10:39 / 05.04.2024 3801

Sankt-Peterburgning Kalinin tuman sudi sovet dissidenti va publitsisti Aleksandr Skobovni terrorizmni oqlash (Rossiya Jinoyat kodeksining 205.2-moddasi 2-qismi) ishida ikki oyga, 2024 yil 1 iyunga qadar hibsga oldi. Bu haqda 4 aprel, payshanba kuni «Mediazona» sud zalidan matnli onlayn-translatsiyada xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Skobov sudlov mahkamasiga olib kelinganida, u shunday deb baqirgan: «Ukrainaga sharaflar, qotilga o‘lim. Men bu tomoshada qatnashishdan ma’no ko‘rmayapman va bu sud jarayonida qatnashishning yagona sababi – sudning yuziga tupurish». U sudya oldida turishdan ham bosh tortdi. 

Dissidentning advokati Veronika Karagodina suddan Skobovga qandli diabet, gepatit C, bronxial astma va glaukoma tashxisi qo‘yilganini aytib, hibsga olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasini tanlashni so‘radi. Prokuratura publitsistni hibsga olishni so‘ragan. Majlis yopiq eshiklar ortida o‘tdi. 

2 aprel kuni Sankt-Peterburgda qo‘lga olingan publitsist va sovet davri dissidenti Aleksandr Skobov terrorizmni oqlash moddasi bo‘yicha ayblandi. «Podderjka politzekov. Memorial» Telegram-kanali Skobovga nisbatan ish qo‘zg‘atilishiga uning «Qrim ko‘prigi portlatilishini oqlovchi posti» sabab bo‘lganini bildirdi.

SSSR va Rossiyada Aleksandr Skobovning ta’qib qilinishi 

2024 yil 22 martda Rossiya hukumati Aleksandr Skobovga «chet el agenti» maqomini berdi. «Adliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, u davlat organlari qarorlari to‘g‘risida «yolg‘on ma’lumot tarqatgan», urushga qarshi chiqqan, «Rossiya Federatsiyasini terroristik tashkilot deb hisoblagan», «nomaqbul tashkilot» faoliyatida ishtirok etgan, «chet el agenti materiallarini» tuzgan va tarqatgan», deb eslatadi «OVD -Info». 

1978 yilda Aleksandr Skobov «Chap muxolifat» guruhi va hukumatga qarshi jurnal faoliyatida faol ishtirok etgani uchun hibsga olingan. Keyinchalik, sud hukmi bilan u psixiatriya shifoxonasiga yotqizilgan va u yerdan 1987 yilning yozida ozod qilingan.

«Okna» loyihasiga ko‘ra, ayni paytda Rossiyada Aleksandr Skobovga nisbatan «nomaqbul tashkilot» – ozod Rossiya forumi faoliyatida ishtirok etgani uchun ma’muriy ish yuritilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: