RFning Kramatorskka zarbasi: nishon haqida ma’lumot bergan shaxsga umrbod qamoq jazosi

Jahon 10:34 / 05.04.2024 8085

Ukraina sudi Kramatorskda yashovchi Vladimir Sinelnikni davlatga xiyonatda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga va mulkini musodara etishga hukm qildi. Donetsk viloyati prokurorlari sudda shuni isbotladiki, uning ko‘rsatmasi bo‘yicha Rossiya qo‘shinlari Kramatorskdagi Ria Pizza pitsseriyasiga 2023 yil iyun oyida 13 kishining hayotiga zomin bo‘lgan «Iskander-M» raketa majmuasi bilan hujum qilgan. Bu haqda Ukraina Bosh prokuraturasi ofisi va Donetsk viloyat prokuraturasi xabar berdi

Fuqarodan pitsseriyada harbiylar bor-yo‘qligini tekshirish so‘ralgan 

Ularning ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy gaz-transport korxonasi xodimi Rossiya kuchlari tomonidan yollangan va 2023 yil 27 iyunda o‘zini «DXR» deb e’lon qilgan hudud IIVda «qo‘mondonlikning razvedka boshqarmasi boshlig‘i» bo‘lgan undan Ria Pizza muassasasida ukrainalik harbiylar borligi haqidagi ma’lumotlarni tekshirishni so‘ragan. Sinelnik ushbu taklifga rozi bo‘lgan, deyiladi xabarda.

«Shahar markazida avtoturargohda harbiy raqamli mashinalar va ovqatlanish joyida harbiylarning o‘ziga ko‘zi tushgan. Erkak ikkita videoni yozib olgan va darhol Telegram messenjeri orqali suhbatdoshiga yuborgan. Hech kim uning lokatsiyaga bo‘lgan qiziqishini payqamasligi uchun u o‘zining barcha harakatlarini begona ko‘zlardan yashirgan», deya ma’lum qildi idoralar. Videoyozuvlar yuborilgandan so‘ng, pitsseriyaga zarba berilgan.

Raketa hujumi natijasida 13 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola halok bo‘lgan, yana 64 kishi jarohatlangan. Qurbonlar orasida ukrainalik yozuvchi Viktoriya Amelina ham bor edi, u bir necha kundan keyin Dniprodagi kasalxonada vafot etdi. Keyinroq Rossiya Mudofaa vazirligi 2023 yil 27 iyun kuni Kramatorskda «UQKning 56-motoo‘qchilar brigadasi qo‘mondonlik shtabini vaqtincha joylashtirish punkti» yo‘q qilinganini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: