Buxoro viloyati Olot tumanida yashovchi 42 yoshli (ayol) G‘.N. IIOga murojaat qilib, uning nomidan noma’lum sabablarga ko‘ra 14,5 mln miqdoridagi pul mablag‘lari yechib olinganini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Xorazm viloyati Yangiariq tumanida yashovchi 19 yoshli Q.A. sodir etgani aniqlandi.
Unga ko‘ra, Q.A. jabrlanuvchi G‘.N.ga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini "bank operatori" sifatida tanishtirib, SMS-xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, uning hisobida bo‘lgan 14,5 mln so‘m pullarni o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Q.A.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, JKning 169-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.