G‘azoda halok bo‘lgan talabalar, Netanyahuni koyigan Bayden va yangi pandemiya xavfi - kun dayjesti

Jahon 13:50 / 05.04.2024 10690

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda davom etayotgan qirg‘inbarot urush yoshlarning ta’lim olishiga ham nuqta qo‘ygan. 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektori va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilida 6050 nafar falastinlik talaba halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda. 10 mingdan ziyod talaba yarador qilingan, g‘arbiy sohilda 105 nafar talaba Isroil kuchlari tomonidan hibsga olingan.

G‘azo sektorida 266 nafar o‘qituvchi o‘ldirilgan, mingga yaqin o‘qituvchilar yarador bo‘lgan. G‘arbiy sohilda 6 nafar o‘qituvchi yaralangan, 73 nafari esa hibsga olingan.

Isroil armiyasi G‘azo sektorida 351 ta maktabni bombardimon qilgan, ularning 40 tasi butunlay vayron bo‘lgan, 111 tasiga jiddiy ziyon yetgan.

Go‘daklar qabristoniga aylantirilgan G‘azo bo‘yicha ayrim ayanchli raqamlarni yana yodga olamiz.

2019 yildan 2022 yilgacha jahondagi barcha harbiy mojarolarda 12 ming 193 nafar yosh bola o‘ldirilgan bo‘lsa, birgina o‘tgan yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda o‘ldirilgan go‘daklar soni 12 ming 300 nafardan oshgan.

G‘azo shimolidagi ikki yoshgacha bo‘lgan har uchinchi bola ochlikdan sillasi qurigan. Britaniyada joylashgan Save the Children xayriya tashkiloti G‘azoda 27 nafar bola ochlikdan o‘lganini aniqlagan.

Global Nutrition Cluster xayriya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi 5 yoshgacha bo‘lgan 346 ming bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. 

AQSh Isroilni koyib qo‘ydi

AQSh prezidenti Jo Bayden va Isroil bosh vaziri telefonda yarim soat gaplashishgan. Suhbat asnosida Bayden G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan.

«Biz yaqin kunlar va soatlarda Isroilning pozitsiyasida o‘zgarish bo‘lganiga guvoh bo‘lishni kutmoqdamiz. Aks holda bizning Isroilga nisbatan siyosatimiz o‘zgaradi», — deya Baydendan iqtibos keltirmoqda AQSh Davlat departamenti.

«Prezident AQShning G‘azo bo‘yicha siyosati Isroilning bu boradagi zudlik bilan amalga oshirgan ishlariga qarab belgilanishini aniq tushuntirib qo‘ydi. U o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish humanitar vaziyatni yaxshilash va aybsiz tinch aholini himoya qilish zarurligini ta’kidladi va Netanyahuni o‘z muzokarachilariga garovda ushlab turilganlarni kuttirmasdan uyga qaytarish uchun vakolatlar berishga chaqirdi», — deyiladi Oq uy bayonotida.

Oq uy vakili bu holatda Isroil sanab o‘tilgan harakatlarni amalga oshirmasa unga qanday choralar ko‘rilishi, tahdidlar AQShning Isroilga harbiy yordami to‘xtatilishini anglatishi mumkin yoki mumkinmasligi to‘g‘risidagi savolga javob bermagan. 

NATOning bayonotlari

NATO Rossiya-Ukraina urushida mojaro tomonlaridan biri emas va unday bo‘lmoqchi ham emas, degan alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg va Ukrainaga qurol-yarog‘ jo‘natishga chorlagan.

«NATO — mojaro tomoni emas, unday bo‘lmaydi ham. NATO Ukrainaga mudofaaga yordam bermoqda. Hozir bizda Ukrainaga qo‘shin jo‘natish rejasi yo‘q, bunday so‘rov Ukrainadan ham tushgan emas», — degan Stoltenberg.

Yyens Stoltenberg Ukrainadagi urush ikki xil ssenariy bo‘yicha rivojlanishi mumkinligi sanab o‘tgan.

«Jang maydonidagi vaziyat jiddiy. Hozir ikkita ehtimolli ssenariy bor: NATO ko‘proq yordam to‘plashi va Ukraina ko‘proq hududlarini qaytarib olishi mumkin yoki ikkinchi ssenariyga ko‘ra, biz bunday qila olmasak Rossiya yanada ko‘proq hududlarni ishg‘ol qilishi va biz hozirgidanda murakkab vaziyatda qolishimiz mumkin», — degan bosh kotib.

Stoltenbergning qayd etishicha, faqatgina kuchli ukrain armiyasi ikki davlat o‘rtasidagi uzoq muddatli tinchlikning kafolati bo‘la oladi: «Buning uchun Ukraina kuchli qurolli kuchlariga ega bo‘lishi va Rossiya jang maydonida yenga olmasligi kerak».

Bloomberg nashrining yozishicha, NATO bo‘yicha ittifoqchilar Ukrainaga 100 mlrd dollar yordam berishga chaqirishmoqda.

Nashrga ko‘ra, mudofaa vazirlari NATOning ushbu tashabbusi ikkitomonlama yordam va Yevropa Ittifoqi bilan raqobat qilmasligi, alohida bo‘lishi lozimligini ta’kidlashgan. Shuningdek, alyans Ukrainaga o‘zi bajarishga qiynaladigan va’dalar bermasligi lozimligi qayd etilgan.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Grant Shepps NATO bo‘yicha ittifoqchilarni mudofaa uchun xarajatlarni oshirishga va Yevropa «urusholdi holati»da ekanini tan olishga chaqirgan.

NATOning 75 yilligiga atab The Telegraph nashrida e’lon qilingan maqolasida u o‘z yalpi ichki mahsulotining 2 foizini sarflamayotgan mamlakatlarni «G‘arbning kelajagini rus ruletkasiga tikayotganlar» deb atagan. ‎.

Polsha prezidenti Anjyey Duda NATO davlatlari yetakchilariga xat jo‘natib, mudofaa uchun xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan 3 foizigacha ko‘tarishni taklif etgan. U bu qadam Rossiyaga qarshi turish uchun muhim chora ekanini tushuntirgan.

Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Uchinchi jahon urishini keltirib chiqarishi muqarrar, biroq G‘arb davlatlari Putin rejimini chilparchin qiladi, deb yozgan The Sun gazetasi. Nashr keltirgan infografikaga ko‘ra, NATOning qurol-yarog‘, harbiy texnika va raketalar bo‘yicha arsenali Rossiyanikidan o‘rtacha 5 barobar ko‘proq.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning ta’kidlashicha, agar Ukrainaga nihoyatda katta harbiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘lsa Rossiya birinchi bo‘lib AQShga yadroviy zarba beradi. G‘arb tomonining ikkilanishlarining bosh sababi shu bo‘lsa ne ajab? Putinga farqi yo‘q, chindan ham. 

Ukrainadagi urush

Rossiya may-iyun oylarida yana oldinga o‘tishga tayyorlanmoqda va butun yoz faslida qarshi hujum bilan mashg‘ul bo‘ladi.

«Okkupantlar Vuhledar va Chasiv Yar yo‘nalishlarida oldinga siljishga urinib, Kramatorsk va Slovyanskkacha borishni rejalashtirishgan», — dedi Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari, leytenant Andriy Kovalenko.

Kovalenkoning qayd etishicha, kutilayotgan qarshi hujumlarni oldindan taxmin qilsa bo‘ladi, shuning uchun sarosimaga aslo hojat yo‘q.

Leytenant shuningdek, Rossiya armiyasi 350 ming qo‘shin bilan Xarkivga hujum qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabarlarni feyk deb atagan va Rossiyada buncha ortiqcha qo‘shin yo‘qligiga urg‘u bergan.

The Washington Post gazetasining yozishicha, mart oyida Rossiyaning Ukrainaga qilgan raketa va dron hujumlari Ukrainadagi issiqlik elektr stansiyalarining 80 foiz quvvatiga zarar yetkazgan. Jurnalistlarning qayd etishicha, ularni tiklash uchun uzoq oylar kerak bo‘ladi.

Rossiyaning havodan hujumlari juda katta zarar yetkazmoqda, chunki Ukraina qurolli kuchlari butun front chizig‘i bo‘ylab yetarli havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega emas.

Shu sababli Germaniya Ukraina uchun butun dunyodan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimini axtara boshlagan. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba aytib o‘tgan.

Unga ko‘ra, Germaniya havo hujumidan mudofaa tizimini nafaqat ittifoqchilardan, butun dunyodan qidirmoqda. 

Yangi pandemiya xavfi

Parranda grippi pandemiyasi Kovidga nisbatan 100 barobar xavfli bo‘lishi va virus yuqtirganlarning teng yarmini o‘ldirishi mumkin, deb yozadi Daily Mail nashri.

Virusologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, sigirlar, itlar va mushuklar kabi sut emizuvchilarda va insonlarda H5N1 virusi yuqtirishning ko‘plab holatlari virusning mutatsiyaga uchrashi va yuquvchanligi oshishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti parranda grippidan o‘lim darajasini 52 foizga baholamoqda. Bunga asos ham bor: virus aniqlangan 2003 yildan buyon uni yuqtirib olgan 887 insondan 462 nafari o‘lgan.

Taqqoslash uchun: ayni paytda koronavirus yuqtirib olgan insonlarning har mingtasidan bittasi vafot etmoqda. Garchi, pandemiya boshida bu ko‘rsatkich 20 foizga teng bo‘lgan. 

Mo‘g‘ulistonda vaziyat og‘ir

Mo‘g‘uliston so‘nggi yarim asrda o‘ta og‘ir qishni boshdan kechirmoqda. Mamlakatda har doimgidan uch-to‘rt barobar ziyod qor yog‘gan. Sovuq ob-havo sharoitlari va hali erishga ulgurmagan qalin qor umrguzaronligi chorva bilan bog‘liq 3 milliondan ortiq insonning hayotiga tahdid solmoqda.

Mamlakat hududining 90 foizi dzud deb ataluvchi balo ta’siri ostida qolgan. Dzud — qurg‘oqchil kelgan yozdan so‘ng qishda kuchli qor va sovuq tushishidir. Buning oqibatida qishda yog‘ qatlamlarini tezda sarflab bo‘lgan chorva yemish yo‘qligidan qirilib ketadi.

Ayni paytda Mo‘g‘ulistonda 4,7 million bosh chorva qishdan omon chiqmagan. Chorvachilik bilan shug‘ullanadigan oilalarning 70 foizi kasod bo‘lish yoqasiga kelib qolgan. 

Ko‘proq yangiliklar: