500 yildan keyin Yaponiyaning barcha fuqarolari eskirgan nikoh qonuni tufayli bir xil familiyaga ega bo‘ladi. The Guardian nashrining yozishicha, agar er-xotinlarning bir xil familiyaga ega bo‘lishini talab qiluvchi qonun bekor qilinmasa, 2531 yilga borib, har bir yaponiyalik Sato familiyasiga ega bo‘ladi.
2023 yil mart oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, «Sato» allaqachon yapon familiyalari ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqqan. Umumiy aholining 1,5 foizi shu familiyaga ega, ikkinchi o‘rinda «Suzuki» familiyasi.
Tadqiqot muallifi, Toxoku universiteti iqtisod professori Xiroshi Yoshida hisob-kitoblariga ko‘ra, Sato familiyali yaponlarning ulushi 2022 yildan 2023 yilgacha 1,0083 martaga oshgan. Agar bu ko‘rsatkich doimiy bo‘lib qolsa va familiya qonunlarida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmasa, Yaponiya aholisining qariyb yarmi 2446 yilda bu familiyaga ega bo‘ladi, 2531 yilda esa 100 foizi.
«Yaponiya Sato millatiga aylanadi, bu nafaqat noqulay bo‘ladi, balki shaxsiy qadr-qimmatga putur yetkazadi», dedi professor va bu tendensiya oilaviy va mintaqaviy merosning yo‘qolishiga ham olib kelishini ta’kidladi.
Yaponiyadagi er-xotinlar turmush qurishda qanday familiyadan foydalanishini tanlashi kerak, ammo 95 foiz hollarda ayol erining familiyasini oladi. Hukumat pasport, haydovchilik guvohnomasi va yashash joyi haqidagi guvohnomada turmush qurganlarning ismi sharifi yonida qizlik familiyasini ko‘rsatishga ruxsat bergan bo‘lsa-da, Yaponiya er-xotindan bir xil familiyadan foydalanishni talab qiladigan dunyodagi yagona davlat bo‘lib qolmoqda.