Bir necha yillar oldin hech qanday ogohlantirishlarsiz telefon orqali uning egasini kuzatib, qurilmadagi istalgan ma’lumotga egalik qilgan Pegas dasturi shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Isroil kompaniyasiga tegishli bo‘lgan dastur kuzatgan 50 mingdan ortiq shaxslar orasida prezident, hukumat vakillari, huquq faollari, jurnalistlar ham bor edi.
Pegas josuslik dasturi — Isroilning NSO Group kiber-razvedka kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu dastur mobil telefonlarni uning egasiga bildirmasdan tinglash va ma’lumotlar yig‘ish bilan shug‘ullangan. Bundan bir necha yil oldin mojarolarga sabab bo‘lgan Pegas mojarosi shu dastur sabab kelib chiqqandi.
Ayg‘oqchi Pegas bilan bog‘liq holat ziddiyatli, sababi uning yordamida hukumat liderlari, inson huquqlari faollari, muxolifatchilar va jurnalistlar kuzatilgani aniqlangan, lekin NSO Group kompaniyasi dasturni faqatgina hukumatlarning xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish tashkilotlariga sotishini, undan muhim qutqaruv operatsiyalarida, terrorizm, odam savdosi va giyohvand moddalar savdosi, pul yuvish kabi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun ishlatilishini iddao qiladi.
“NSO Group o‘z texnikalarini faqat ishonchli hukumatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari va razvedka tashkilotlariga sotadi. Biz faqat sodir bo‘lishi kutilayotgan teraktlarning oldini olish va inson hayotini saqlab qolish maqsad qilingan holatlarda texnikalarimizni sotamiz”, deb bayonot bergan Isroil kompaniyasi.
Bu dastur qanday ishlaydi?
Josuslikka ixtisoslashgan dasturni Android va iOS dasturlariga o‘rnatish mumkin. Buning uchun telefon egasining hech qanday harakati talab etilmaydi, u bu haqida hech qanday xabar ham olmaydi. Va dastur yordamida telefon qo‘ng‘iroqlari, yozishmalar, joylashgan manzili, o‘rnatilgan parollari, rasmlar va boshqa barcha ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi. Dastur orqali telefonning kamerasidan kuzatuv amalga oshirish mumkin, uning diktofonidan esa mikrofon sifatida foydalanib, telefon atrofidagi har qanday suhbatni yozib olish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastur anchayin qimmat turadi. 2016 yilda Pegasni 10 telefonga o‘rnatib berish 650 ming dollar bo‘lgan. Unga qo‘shimcha tarzda yana 500 ming dollar to‘lov talab etilgan.
Pegasni o‘rnatish uchun boshqa ba’zi zararli dasturlar kabi biror havolani bosish yoki kod kiritish shartmas. U qurilmani biror yolg‘on xabar yoki chaqiruv qo‘ng‘irog‘i yordamida "zararlaydi". Agar telefon foydalanuvchisi xabarni o‘chirib yuborsa ham, qo‘ng‘iroqqa javob bermasa ham, dastur o‘zini-o‘zi o‘rnataveradi va kerakli barcha ma’lumotlarga yo‘l topib oladi.
Uning borligi qachon aniq bo‘ldi?
Pegas so‘zi yunoncha qanotli ot degan ma’noni bildiradi. Josuslik dasturi Troyan otlari deb ataluvchi zararlovchi dasturlarning keng turkumiga kiradi. Uning egasi bo‘lgan NSO Group 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, Pegasning borligi 2016 yilda Birlashgan Arab Amirligida yashovchi inson huquqlari faoli o‘ziga kelgan xabardan shubhalanib uni kiberxavfsizlik laboratoriyasiga tahlil uchun yuborgandan so‘ng aniq bo‘ladi.
Dasturdan qancha davlat foydalangani haqida aniq ma’lumot yo‘q, sababi NSO Group o‘z foydalanuvchilari ro‘yxatini sir saqlaydi. Biroq o‘rganishlar natijasidagi hisobotlarga ko‘ra, 40 ta davlat Pegas dasturidan foydalangan, 50 ta davlatda yashovchi fuqarolar uning yordamida kuzatilgan.
Pegas jabrlanuvchilari
Dastur Meksikada narkokartel rahbari El Chaponi qo‘lga olishda ishlatilgan.
Pegas dasturi Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishida ham ishlatilgani haqida ma’lumot bor. Jamol Qoshiqchi — saudiyalik jurnalist, Saudiya Arabistoni hukumati tanqidchisi.
Amnesty International xalqaro harakati ma’lumotlariga ko‘ra, Qoshiqchining o‘limidan 6 oy oldin unga yaqin bo‘lgan ikki ayol, xususan, rafiqasining ham telefoni Pegas orqali kuzatilgan.
Pegas tomonidan nishonga olingan va hakerlik hujumiga uchraganlar orasida taniqli hukumat va biznes rahbarlari ham bor. Xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Janubiy Afrika prezidenti Kiril Ramafosa, milliarder Jyef Bezos hamda Jamol Qoshiqchi ma’lum muddat ishlagan The Washington Post gazetasi egasi ham bo‘lgan.
Pegas dasturining josuslik kuzatuvlarini aniqlash maqsadida 2021 yilda 17 ta media tashkilotidan 80 nafardan oshiq jurnalist surishtiruv ishlarini olib borishdi va global miqyosda omma e’tiborini ayg‘oqchilik, uning inson huquqlari buzilishiga sabab bo‘lishiga qaratdi. Bu surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, Pegas dasturi orqali 50 mingdan ortiq odam kuzatilgan. Ular orasida siyosatchi, huquqshunos, jurnalist va muxolifatchilar ham bor.
Pegas dasturining muallifi NSO Group 2019 yilda Facebook tomonidan, 2021 yilda esa Apple kompaniyasi tomonidan sudga berilgan. Kompaniya AQShda qora ro‘yxatga kiritilgan. Bu AQSh kompaniyalarining NSO Groupʼga texnika sotishini qonunan taqiqlaydi.