O‘zbekistonning Koreyadagi Savdo uyi ro‘yxatdan o‘tkazildi

O‘zbekiston 16:48 / 04.04.2024 1558

Savdo uyi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan yuritiladigan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chet elda tashkil etilgan tashkilotlar reyestriga QK-A/1096-son bilan kiritildi.

Mazkur Savdo uyi huzurida ko‘rgazma zali sifatida doimiy faoliyat yurituvchi “shou-rum” ochish ham rejalashtirilgan. Unda mahalliy ishlab chiqaruvchilarining turli mahsulotalari keng assortimenti – oziq-ovqat, meva-sabzavot, to‘qimachilik-tekstil, ipak, kimyo, kulolchilik mahsulotlari hamda zargarlik buyumlari namoyish etiladi.

Tashkil etilgan Savdo uyining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish hamda faollashtirishga ko‘maklashish;
  • O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyati va imkoniyatlarini qo‘llab quvvatlash;
  • mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan, shu jumladan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni Koreya bozorida targ‘ib qilish va ilgari surish hamda reklama kompaniyalarini tashkil etish;
  • Koreyada O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish bildirgan tadbirkorlarga to‘liq ma’lumotlar berib borish, ular bilan muzokaralar o‘tkazish va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
  • O‘zbekiston mahsulotlarini Koreya bozorlarida ilgari surish istiqbollarini baholash, kompaniyalar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishda vositachilik xizmatlarini ko‘rsatish;
  • O‘zbekiston mahsulotlarini Koreya bozoriga eksport qilish, bozor imkoniyatlarini o‘rgangan holda eksport hajmi va doirasini kengaytirib borish va mahsulotlarning bozordagi o‘rnini kuchaytirish;
  • eksport hajmini oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini faollashtirishga ko‘maklashish;
  • Koreya Respublikasida o‘tkaziladigan turli ko‘rgazmalarga tashrif buyurish yoki o‘z maxsulotlari bilan ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga ko‘maklashish;
  • O‘zbekiston Respublikasiga investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashish, potensial investorlarni izlash, savdo va investitsiya shartnomalarini tuzish, ishbilarmon doiralar ishtirokida muzokaralar va boshqa tadbirlar o‘tkazish.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Incheon shahrida Koreya–O‘zbekiston biznes markazi ish boshlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: